Andijon viloyati, Boʻston tumanidagi “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik ishlab chiqarish klasteri gʻallakorlari joriy yil uchun 595 gektar yerga bugʻdoy urugʻini qadab, 1 ming 408 tonnalik gʻalla xirmoni yaratish uchun astoydil mehnat qildilar.
Qishloq xoʻjaligi klasterining tajribali agronom olimlari va mutaxassislari tomonidan gʻalla parvarishi boʻyicha agrotexnika tadbirlari oʻz vaqtida olib borilganligi moʻl hosil garovi boʻldi. Natijada rizq-roʻzimiz bunyodkorlari boʻlmish agroklaster gʻallakorlari bugun davlatga don sotish rejasini 120 foizga bajarishib, jami 1680 tonna bugʻdoy topshirdilar.
— Gʻalla maydonlarining har bir gektaridan 60 sentenerdan hosil olishga erishdik, — deydi Boʻston tumanidagi “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik ishlab chiqarish klasterining 22-boʻlimi boshligʻi Farhodbek Hojimatov. — Qilingan astoydil mehnatlarimizning samarasini bugun gʻalla xirmonlarimizga toʻkilgan don misolida, amalda koʻrayapmiz.
Ana shunday agroklaster gʻallakorlarining zafar marralarini egallashida klaster tizimdagi mavjud 34 ta boʻlimda mehnat qilayotgan ishchi xodimlarning hisasi katta.
Shu bois qishloq xoʻjaligi klasteri aʼzolariga klaster maʼmuriyati tomonidan gʻalladan boʻshagan maydonlardan takroriy ekin ekish uchun 10 sotixdan yer ajratilib, 200 yuz kilogramdan bugʻdoy va somon preslari tarqatildi.
Ilhomjon TOJIBOYEV,
“Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi
paxta toʻqimachilik klasteri
matbuot xizmati xodimi