Aholi orasida qanday koʻz kasalliklari koʻp uchramoqda?

    Salomatlik 21 May 2022 1741

    — Hozirgi vaqtda allergik va virusli konyunktivitlar hamda kompyuter sindromi kabi koʻz kasalliklari koʻpaygan.

    Aksariyat hollarda ushbu kasalliklar gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, dori vositalarini shifokor maslahatisiz uy sharoitida qabul qilish hamda oʻz vaqtida shifokorga murojaat etmaslik oqibatida kelib chiqadi.

    Jumladan, dori vositalarining notoʻgʻri ishlatilishi allergik asoratlarga olib kelishi va kasallikni ogʻirlashtirishi mumkin. Masofaviy ish koʻpayishi natijasida kompyuterda uzoq vaqt ishlash ham koʻrish oʻtkirligiga zarar yetkazishi mumkin.

    Bunday holatlarning oldini olish uchun koʻz mashqlarini muntazam qilib borish, kompyuterda ishlaganda har 20 daqiqada 20 soniyaga uzoqqa qarab koʻzlarga dam berish lozim boʻladi.

    Aholi orasida keng tarqalgan va ogʻir asoratlarga olib keladigan koʻz kasalliklarining oldini olish uchun, albatta, yiliga bir marta tibbiy tekshiruvdan oʻtib turish kerak.

    Naslida koʻz kasalliklari mavjud boʻlgan insonlar esa 35 yoshdan soʻng yiliga 2 marotaba koʻzlarini tekshirtirib turishi talab etiladi. Shundagina kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash mumkin.

    Misol uchun, yoshligida glaukoma kasalligi boshlanishi bilan shifoxonamizga murojaat etgan, hozir oʻz farzand va nabiralarini ham tekshiruvga birga olib keladigan, koʻrish oʻtkirligi yaxshi saqlangan bemorlarimiz bor. Va aksincha, koʻrish oʻtkirligi ancha pasayganda murojaat etganlar ham mavjud.

    Ularda koʻrish nervi qaytarib boʻlmas oʻzgarishlarga uchragan. Afsuski, bunday ogʻir holatlar kam emas. Shu bois koʻrish oʻtkirligi pasayishini kutmasdan oʻz sogʻligʻingizga yoshlikdan eʼtiborli boʻlishingizni tavsiya qilamiz.

    Koʻz kasalliklari ichida naslga, yoshga, jinsga bogʻliq boʻlganlari ham, bogʻliq boʻlmaganlari ham mavjud. Misol uchun, miopiya yoki glaukomada nasliy faktor muhim ahamiyatga ega. Infeksion koʻz kasalliklarining esa naslga bogʻliqlik joyi yoʻq.

    Koʻz kasalliklaridan saqlanish uchun, avvalo, gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish hamda hozirgi axborot texnologiyalari davrida urfga aylangan smartfon, planshet hamda kompyuter vositalaridan foydalanishda meʼyorga rioya etish lozim.

    Shuningdek, oʻz vaqtida koʻzlarni tekshirtirib turish hamda dori vositalaridan faqatgina shifokor maslahati bilan foydalanish tavsiya etiladi.

    Otabek Ikromov,
    Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori