Aholi salomatligi va millat genofondini mustahkamlash — asosiy vazifa

    Mamlakatimizda aholi sog'ligini muhofaza qilish va mustahkamlash masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, xalq salomatligi, millat genofondi mustahkamligi shu davlatning katta boyligi sanaladi.

    Sogʻlom xalq yurt farovonligi va taraqqiyotini amalga oshiruvchi katta kuchdir.

    Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan tub islohotlar ana shunday tamoyil va yuksak maqsadga qaratilgan. Xususan, shu yilning 6-noyabrida Prezidentimiz raisligida sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyatidagi muammolar va ularning yechimiga qaratilgan maqsad va vazifalar muhokama qilindi.

    Davlatimiz rahbarining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlar koʻlamini yana-da kengaytirish va takomillashtirishda muhim omil vazifasini oʻtamoqda.

    Bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, bu boradagi ilgʻor xorijiy tajriba, texnologiya va raqamlashtirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish bugungi kunning muhim vazifasi sanaladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizning Yashnobod tumani, Parkent koʻchasida zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlari asosida qurilgan Bolalar milliy tibbiyot markazi ayni shu maqsadda bunyod etilgan.

    Markaz loyihasi Koreya Respublikasi va jahon tibbiyotining noyob andozalari asosida ishlab chiqilgan. U Markaziy Osiyoda ushbu turdagi yagona bolalar tibbiyot muassasasi sanaladi. Binoning qurilishi, xavfsizlik tizimi, isitish, sovutish tarmoqlari jahon standartlari talablariga toʻla javob beradi.

    Markazda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, gemodializ, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya va reanimatsiya boʻlimlari mavjud.

    Toʻrt qavatli davolash qismi 280 oʻringa ega, poliklinikada kuniga 250 nafargacha bemor qabul qilinadi. Markaz MRT, MSKT, PET, siklotron, gamma kamera, DNK analizatori hamda tanada onkologik kasalliklarning yuzaga kelayotganini oldindan aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Yangi muassasada yiliga 1500 dan ortiq murakkab va noyob tibbiy amaliyotlarni amalga oshirish mumkin.

    Jarrohlik amaliyoti uskunalariga maxsus kamera oʻrnatilgan boʻlib, ushbu jarayonni boshqa shifoxona va oliy taʼlim muassasalari vakillari onlayn tarzda kuzatib borishi mumkin. Bundan tashqari telemeditsina vositasida uzoq hududdagi bemor bolalarga yordam koʻrsatish imkoniyati mavjud.

    Markazda zamonaviy raqamli texnologiyalar vositasida “Aqlli shifoxona” tizimi yaratilgan. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari yordamida bemorlar masofadan turib monitoring qilinadi. Koreyaning Pusan universiteti va Andijon, Samarqand hududiy koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazlari oʻrtasida oʻzaro maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, bosqichma-bosqich taʼlim olish, malaka oshirish va masofaviy telemeditsina amaliyoti tatbiq etilmoqda. Joriy yilning 16-noyabrida Koreyadan kelgan mutaxassislar bilan birgalikda ana shu tizim vositasida birinchi bor operatsiya oʻtkazildi va unda viloyatlar shifokorlari ham ishtirok etdi.

    — Innovatsion rivojlanishning keyingi bosqichi — hududiy markazlarning reanimatsiya boʻlimlarida davolanayotgan bemorlarni onlayn tarzda doimiy nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻyishdan iborat, — dedi markaz direktori Murod Jaʼfarov. — Bunda shifokor masofadan turib HIS (shifoxona axborot tizimi)ga ulangan tizim asosida reanimatsiya xonasidagi bemorni ham nazorat qiladi, ham muolaja olib boradi. Zarurat tugʻilganda telemeditsina vositasida xorijlik mutaxassislarni ham jalb etish mumkin.

    Davlatimiz rahbari sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida: “Inson salomatligi uchun oʻzini masʼul va javobgar deb hisoblaydigan har bir tibbiyot xodimi bilim va malakasini doimiy oshirib borishi, yangi texnologiyalar va davolash usullarini har tomonlama puxta egallashi eng oʻtkir masalaga, hayotiy zaruratga aylanmoqda”, deya taʼkidlab oʻtdi. Darhaqiqat, tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassis uchun malaka oshirish eng muhim amaliyot sanaladi. Chunki mutaxassis ayni shu jarayonda sohaga doir ilmiy va amaliy yangiliklar, jahon tibbiyotida qoʻllanilayotgan tajribalar, zamonaviy tibbiy texnika va texnologiyalardan xabardor boʻladi.

    Markazda ikki yoʻnalishda — ichki va tashqi resurslar asosida malaka oshirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Ichki resurslar asosida har oyda 2-3 ta hududiy markazga borilib, u yerdagi shifokorlar bilan “mahorat darsi” oʻtiladi. Shuningdek, hududiy markazlarning shifokor va hamshiralari reja asosida markazga taklif etiladi, koreyalik va poytaxtlik mutaxassislar yordamida oʻz tajriba va mahoratlarini oshiradi.

    Markazda zamonaviy texnologiyalar vositasida oʻtkaziladigan har bir operatsiya jarayonini viloyat shifokorlari telemeditsina orqali kuzatib borish imkoniga ega. Tashqi resurslar asosida boʻladigan malaka oshirish jarayonida esa xorijlik professor-amaliyotchilar master-klass operatsiyalarini oʻtkazadi va u onlayn tarzda hudud markazlariga uzatiladi.

    Xorijlik amaliyotchi shifokorlarning bevosita hududlarga chiqib tajriba almashishi, hududiy markazlar xodimlarining mahalliy hokimliklar koʻmagida xorijda malaka oshirishiga imkoniyat yaratish, xalqaro standartlarni hududiy markazlarda joriy etish rejalashtirilgan.

    2021-yildan boshlab Oʻzbekistonda genetik omillarni hisobga olgan holda erta tashxis qoʻyish, prognozlash va davolashning yangi personallashgan texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha amaliy ishlar boshlanadi.

    — Zimmamizga bolalar gematologiyasi va onkologiyasi masalasida ham bir qator vazifalar yuklangan, — dedi Murod Jaʼfarov. — Markazimizda umumlashtirilgan bolalar gematologiya-onkologiya boʻlimi mavjud. Shu sababli hududiy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida ham shunday boʻlimlar tashkil etiladi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshida esa “Bolalar gematologiya va onkologiyasi” kursini tashkil qilish koʻzda tutilgan.

    Markaz bazasida tashkil etilgan axborot-resurs markazida dunyoning 5000 dan ortiq eng mashhur tibbiyot jurnallariga obuna boʻldik. Yonsey universiteti va ToshPTI bilan hamkorlikda 2021-2024-yillarga rejalashtirilgan “Tibbiyotda kadrlar tayyorgarligini yaxshilash” yoʻnalishidagi grant loyihasida ishtirok etamiz.

    Tibbiyot sohasida kasallikni davolagandan koʻra uning oldini olgan afzal, degan ibora bor. Shu bois markazda bolalar orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, markaz xodimlari shu yildan boshlab Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining “Sogʻliqni saqlashga koʻmaklashuvchi maktablar” dasturini Toshkent shahri va 3 ta viloyatda maktab oʻquvchilari orasida tajriba tariqasida joriy etish jarayonida ishtirok etadi. Markaz hududida futbol va voleybol oʻyingohlari tashkil etilgan. Keyingi yildan boshlab grant mablagʻlari hisobidan sogʻlomlashtirish zallari faoliyat yuritadi. Ushbu maqsadlar uchun Koreyaning KOFIH tashkiloti birinchi bosqichda 50 ming AQSH dollaridan ziyod miqdorda grant mablagʻi ajratishi rejalashtirilgan.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri