Aholi salomatligiga qaratilayotgan eʼtibor ftiziatriya va pulmonologiya sohasida ham oʻz samarasini bermoqda

    Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, sil infeksiyasidan himoyalash, sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishining oldini olish, barqaror sanitariya-epidemiologik holatni saqlab turish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar bajarilmoqda. Sil kasalligining oldini olishga yoʻnaltirilgan eng samarali klinik amaliyotlarni ishlab chiqish va tatbiq qilishga katta eʼtibor qaratilayotir. Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza PARPIYEVAning mulohazalari shu haqda:

    Ftiziatriya xizmatining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi va kasalliklarning oldini olish boʻyicha qilingan ishlar natijasida mamlakatimiz Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo 53 davlat orasida 3­oʻrinni egallab, xalqaro miqyosda eʼtirof etildi.

    Avvallari silni aniqlashga 3­4 oy vaqt talab etilardi. Diagnostika va davolashning yangi usullari tatbiq etilishi natijasida bugungi kunda kasallikka gen­molekulyar usulida bor­yoʻgʻi 70 daqiqada aniq tashxis qoʻyilmoqda. Davolashning zamonaviy va ilgʻor yutuqlarini qoʻllash tufayli yurtimizda tuberkulyoz bilan kasallanish koʻrsatkichi 2,5 barobar, oʻlim koʻrsatkichi 6­8 barobar qisqardi hamda davolash samaradorligi bugun 91,2 foizga yetdi. Ayni paytda olimlarimiz tuberkulyozga chalingan bemorlarning davolanish kursini yana olti oyga qisqartirish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan silga qarshi kurash tadbirlari davlatimiz qonunchilik tizimi, jumladan, qonunlar, Prezident qaror va farmonlari, hukumat qarorlari, sogʻliqni saqlash tizimidagi milliy dasturlar bilan belgilanadi.

    Har qanday islohotni amalga oshirishdan oldin, albatta, tizimdagi muammolar oʻrganiladi. Uni hal etish boʻyicha izchil rejalar tuziladi, xalqaro tajriba natijalariga tayanib, mahalliy tizimga moslashgan dasturlar ishlab chiqiladi. Bu boradagi muammolarni hal qilish, aholiga ftiziatriya, pulmonologiya yoʻnalishlari boʻyicha koʻrsatiladigan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yana-da takomillashtirish hamda yurtimizda barqaror sanitariya­epidemiologik holatni taʼminlash borasidagi tadbirlarni kuchaytirish, tizimdagi muassasalarning resurs salohiyatini mustahkamlash maqsadida Prezidentimizning 2019-yil 13-fevraldagi “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora­tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Ana shu qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar silga qarshi kurash dispanserlari qoshida ftiziatriya va pulmonologiya markazlari tashkil etildi. Respublika ilmiy markazi bazasida va barcha hududlarda telemeditsina usulida masofadan turib innovatsion oʻqitish va monitoring olib borish markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Zero, telemeditsinaning afzalligi koronavirus pandemiyasi davrida bilindi. Bu usul kelajakda meditsina asoslaridan biri boʻlib qoladi.

    Yurtimizda aniqlangan barcha sil va silning rezistent turi bilan kasallangan bemorlar universal davolanish usuli bilan toʻla qamrab olinmoqda. Silga qarshi kurash tizimida faoliyat koʻrsatayotgan multidissiplinar guruhlar tomonidan bemorlarni ruhiy­ijtimoiy qoʻllash tizimi tashkil etilishi natijasida davolashni vaqtidan oldin tugatish jarayoni ikki marotaba qisqardi. Shuningdek, ftiziatriya tizimining silga qarshi dori vositalarini maqsadli ishlatish boʻyicha dorilar menejmenti asoslari amaliyotga toʻla tatbiq etilishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtardi.

    Ayni paytda bemorlarga yoʻnaltirilgan individual davolash usullari, kasallikning ilk davridan boshlab ambulator hamda videonazorat yordamida davolash, qisqartirilgan 6 va 9 oylik davolash usullari, oʻpka va oʻpkadan tashqari sil kasalligini davolashda jarrohlik amaliyotining zamonaviy usullari qoʻllanmoqda. Koʻptarmoqli xalqaro tekshiruvlarning “TB Practical” loyihasi boʻyicha silning rezistent turi va uning ogʻir shakllari bilan kasallangan bemorlarni davolash maqsadida silga qarshi yangi, zamonaviy dori vositalari sinovdan oʻtkazilyapti.

    Sil va silning rezistent turining ogʻir shakli bilan kasallangan bemorlarni davolash tadbirlariga toʻla qamrab olish maqsadida ilmiy markaz bazasida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlaridagi ftiziatriya va pulmonologiya markazlari hamda Toshkent shahridagi 1­ftiziatriya klinik shifoxonasida jami 325 oʻrinli maxsus boʻlimlar tashkil etildi.

    Markaz tashabbusi bilan xorijlik investorlar hamkorligida infeksion nazorat vositalari va nebulayzerlarni yurtimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Respublika, viloyat va shaharlar miqyosida ftiziatriya tizimidagi muassasalar va 9 ta tumandagi birlamchi davolash muassasalarida zamonaviy tezkor molekulyar­genetik tashxislash usuli amaliyotga tatbiq etildi. Mamlakatimizda sil kasalligini erta aniqlash va maqsadli davolash uchun faoliyat koʻrsatib turgan tibbiy diagnostika uskunalariga qoʻshimcha ravishda xalqaro tashkilotlar tomonidan 10 ta G­Xpert, 3 ta HAIN va 6 MGIT diagnostika jihozlari keltirildi.

    Toshkent tibbiyot akademiyasining ftiziatriya kafedrasi nomi ftiziatriya va pulmonologiya kafedrasi deb oʻzgartirildi va yetuk pulmonolog mutaxassislar bilan taʼminlandi. Hududlardagi tibbiyot oliygohlarining magistratura mutaxassisligiga davlat byudjeti asosida pulmonologiya va ftiziatriya yoʻnalishlari boʻyicha belgilangan normativ hujjatlar asosida nomzodlar qabul qilinishi, zamon talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ishlarga yana bir misoldir.

    Ftiziatr va pulmonologlar yurtimizning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholini “Bor mehrimiz shu xalq, shu vatan uchun” shiori ostida tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda faol ishtirok etmoqda. Mazkur tadbir doirasida 3 654 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Aholi oʻrtasida tuberkulyoz kasalligi va uning profilaktikasi, gelmintoz, kamqonlik, raxit kasalliklarining oldini olish va erta aniqlash borasida suhbatlar tashkil etildi.

    Sil va uning rezistent turlari hamda oʻpkaning nospetsifik kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarga koʻrsatiladigan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat darajasini oshirish, ushbu kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va davolash kabi tadbirlarning zamonaviy usullarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida, ilmiy markaz mutaxassislari tomonidan 10 ta xalqaro grant doirasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

    JSST maʼlumotiga koʻra, dunyoda yiliga 8,6 million kishi tuberkulyoz (sil) xastaligiga chalinmoqda. Bir milliondan ortiq bemor esa, uning turli asoratlari tufayli vafot etadi. Shu bois, jahon miqyosida bu kasallikning oldini olish, uni barvaqt aniqlash va davolashning zamonaviy usullarini tatbiq etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

    Mamlakatimizda JSST tomonidan tavsiya etilgan “Tuberkulyozga barham berish” strategiyasiga koʻra, milliy dastur ishlab chiqilgan. Bu oʻz samarasini bermoqda. Ushbu strategiyani amalga oshirish natijasida tuberkulyozga chalingan bemorlar standart diagnostika va klinik xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlib, xalqaro standartlarga javob beradigan davo olmoqda.

    Ftiziatriya muassasalarida tuberkulyozga qarshi dori vositalariga chidamli turlarni tashxislashni takomillashtirish maqsadida, 50 dan ortiq oʻta zamonaviy gen­molekulyar diagnostika apparati oʻrnatildi. Uzluksiz va keng qamrovli davolash uchun bu kasallikka chalingan bemorlarga yuqori sifatli davolash kursi uchun dorilar bepul beriladi. Dorilarga chidamli tuberkulyozga chalingan bemorlarni davolash uchun zamonaviy qisqa kurslar joriy etilmoqda va unga qarshi yangi dorilar qoʻllanmoqda.

    Mamlakatimizda aholi salomatligiga qaratilgan yuksak eʼtibor sohada olib borilayotgan ishlar misolida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Zero, xalq salomatligi va sogʻlom millat har bir davlatning muhim boyligi sanaladi.