Davlatimiz rahbari raisligida sog'liqni saqlash tizimining birlamchi bo'g'inini takomillashtirish masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda tarixiy ahamiyatga molik masalalar ko'rildi. Unda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar, o'rta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini to'liq qayta ko'rib chiqish zarurligi alohida ta'kidlandi.
Ilg'or xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish choralari belgilandi. Endilikda bu ishga ko'mak berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj bo'yicha tibbiyot brigadalari tashkil etiladi. Bu brigadalar o'zlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”larni shakllantirib, manzilli ish olib boradi. Aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratiladi. Buning uchun tibbiyot xodimlari planshet, mobil` diagnostika vositalari bilan ta'minlanadi.
Bevosita aholi bilan ishlaydigan, muloqotda bo'ladigan tibbiy xodimlarimiz aynan quyi bo'g'inda faoliyat olib boradi. Shu bois, bu bo'g'inni isloh qilish muhim. Rejalashtirish dedik, bir qism qishloq vrachlik punktlari yopilib ketdi yoki boshqa yo'nalishga o'tkazib yuborildi. Aholi 20-25 kilometr yo'l yurib, qishloq vrachlik punktiga borishi kerak bo'ldi. endi qishloq va tumanlarimizdagi QVPlar ta'mirlanadi yoki yangitdan quriladi. Asosiysi, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta'minlash, laboratoriya, diagnostika, davolash tizimi bo'ladimi, xullas barcha shart-sharoitlar yaratish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Bu jarayonga ko'proq mahalliy hokimiyatlar, hokimlar mas'ul etib belgilandi. Prezidentimiz ularga so'z berganida hokimlar shu masalaning mohiyatini tushunib etgani ko'zga tashlandi. Ularning tibbiy madaniyat va malaka haqidagi tushunchalari ravshanligi bizni quvontirdi. Har bitta hokimning o'z hududi bo'yicha aniq rejalari bor va ular asosan birlamchi tizimga bog'liq. Shu tizimda ishlayotgan tibbiyot xodimlari o'z nomi bilan oilaviy shifokor bo'lgani uchun har bir oilaga kirib borishi ko'zda tutilgan. U o'ziga tegishli hududdagi har bir oilaning a'zosidek bo'lib ketishi lozim.
Xalqimiz biror joyi og'risa ham “o'tib ketar”, deya kasallik avjiga olib, asoratlari rivojlangandan keyin shifokorga murojaat qiladi. Shu holatning oldini olish uchun tibbiy brigadalarni shakllantirish vazifasi qo'yildi. Brigada tarkibida oilaviy shifokordan va hamshiradan tashqari bir qator tibbiy mutaxassislar ham bo'ladi.
Yig'ilishda aholini dispanserizatsiyadan to'liq o'tkazish topshirig'i berildi. Mutasaddilarga ushbu tizimni shahar va tumanlarda bosqichma-bosqich joriy etish, tibbiyot brigadalarini ilg'or tajriba asosida qo'shimcha o'qitish, oilaviy shifokorlar faoliyatini baholash mezonlari va rag'batlantirish tartibini ishlab chiqish bo'yicha ham vazifalar yuklatildi.
Yig'ilishda kadrlar masalasi atroflicha ko'rib chiqildi. Ma'lumotlarga ko'ra, qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 20 mingdan ziyod shifokor shtati bor, lekin atigi 12 ming mutaxassis ishlamoqda. Chunki bugungi kunda umumiy amaliyot shifokori kasbi oliy o'quv yurtlari bitiruvchilari uchun unchalik ham qiziqarli emas. Xodimlarni rag'batlantirish, malakasi va lavozimini oshirishga e'tibor yo'q. Shu bois, davlatimiz rahbari shifokorlarga munosib sharoitlar yaratish orqali ularni qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish zarurligini ta'kidladi.
Tibbiyot yo'nalishidagi oliy ta'lim muassasalariga kvotalarni ko'paytirish topshirig'i berildi. Buni tumanlar kesimida, masalan, qaysi tumanda qaysi mutaxassis kam bo'lsa, o'shanga mo'ljallangan umumiy bakalavriat kvotalarini oshirish lozimligi aytildi.
Shifokorlarga bo'lgan ehtiyojlarni mahallalar kesimida aniqlab, tibbiyot oliy o'quv yurtlarida kvotani oshirish, ipoteka asosida qurilayotgan uy-joylarni avvalo birlamchi bo'g'in shifokorlari uchun ajratish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.
Aholi orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish masalalariga ham alohida to'xtalib o'tildi. Bugungi kunda yuqumli bo'lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholi orasida to'g'ri ovqatlanish va jismoniy faollik madaniyatini shakllantirish zarurligi ta'kidlangani xalqimiz sihat-salomatligi haqida qayg'urish, buni eng ustuvor ahamiyat qaratishning yorqin namunasidir.
Yig'ilishning Tibbiyot xodimlari kuni arafasida o'tkazilgani ham bejiz emasligini Prezidentimiz alohida ta'kidladi. Xalqimiz sizlarni sharafli kasb egalari, muqaddas qasamyodiga sodiq, o'z ishiga fidoyi insonlar, deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlaydi, dedi davlatimiz rahbari.
Bu gaplar minglab shifokorlarni to'lqinlantirdi. Bu bizga g'urur beradi. SHu bilan birga inson salomatligini asrashdek ezgu ishda zimmamizga katta mas'uliyat ham yuklaydi.
Habibulla OQILOV,
Toshkent vrachlar malakasini oshirish
instituti rektori,
tibbiyot fanlari doktori, professor