Boʻka tumanidagi “Samarqand” mahalla fuqarolar yigʻini aholisi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun 25 chaqirim masofa bosib, tuman markaziga borishlariga toʻgʻri keladi. Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan qishloq aholisining uzogʻini yaqin qilish maqsadida sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi. Qishloq aholisi bir qator yoʻnalishlar, jumladan, cuv taʼminoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish, bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha navbatga qoʻyish uchun ariza berish, elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish boʻyicha davlat xizmatlaridan foydalandi. Shuningdek, jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti tizimiga hisobga olish, kadastr sohasidagi xizmatlar boʻyicha 15 dan ziyod sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti toʻgʻrisida ham keng qamrovli huquqiy maslahatlar berildi.
Navbatdagi sayyor xizmat manzili Piskent tumanining Fayzabod mahallasi boʻldi. Mazkur mahalla koʻp millatli boʻlib, 5 ming 300 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aholiga yengillik va qulaylik yaratishni maqsad qilgan markaz xodimlari davlat xizmatlaridan uyda oʻtirib ham foydalanish mumkinligi, davlat xizmatlari sohasidagi yangiliklar va yaratilayotgan imtiyozlar haqida yigʻilganlarga tushuntirish olib bordi. Shundan soʻng, mahalla aholisiga davlat xizmatlari koʻrsatishga kirishildi. Sayyor xizmat davomida yurtdoshlarimiz farzandini davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha navbatga qoʻyish uchun ariza berish, kadastr pasportini shakllantirish, tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtish, soliqdan qarzi bor yoki yoʻqligi haqida maʼlumot olish kabi 30 ga yaqin davlat xizmatlaridan foydalandi.
— Olis qishloq va mahallalarda yashaydigan aholi koʻpincha tuman markaziga borib davlat xizmatlaridan foydalanishga vaqti ham, imkoni ham boʻlmaydi, — deydi “Fayzabod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Maʼruf Normurodov. — Bugun markaz xodimlari mahallamiz fuqarolarning uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilishga yaqindan koʻmaklashdi. Kimdir farzandini bogʻchaga qoʻyishga ariza yozgan boʻlsa, kimdir yashab turgan uyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirdi. Shuningdek, sayyor xizmat davomida xizmatlarni markazlarga bormasdan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron tarzda olish ham targʻib qilindi. Mazkur portal orqali murojaat qilgan shaxslarga markazga shaxsan borib toʻlanadigan toʻlovga nisbatan kamroq toʻlash imkoniyati, yaʼni imtiyoz berish orqali qulayliklar yaratilganligi tushuntirildi. Bunday qulayliklardan samarali foydalanish esa fuqarolarimizning vaqti ham, mablagʻi ham tejalishiga xizmat qiladi. Qolaversa, davlat xizmatlari markazlaridagi navbat kutishlarning oldi olinadi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish mumkinki, Piskent tumanida shu kunga qadar aholiga 15 mingga yaqin davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, shundan 300 ga yaqinini sayyor davlat xizmatlari tashkil etadi, deya xabar beradi DXA Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati.