Qayd etilishicha, bugungi kunda respublika boʻyicha jami 39 265 ta koʻp kvartirali uy mavjud boʻlib, shundan 22 mingdan ziyod koʻp kvartirali uy 3 753 ta shirkat hamda 324 ta boshqaruvchi tashkilot tomonidan boshqariladi. Shuningdek, 889 ta uy bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarib kelinmoqda. 1 407 ta koʻp kvartirali uyda aholi tomonidan boshqaruv usuli tanlanmagan.
Taʼkidlash lozimki, 2021-yil boshida 4 430 ta shirkat faoliyat yuritgan boʻlib, hozirgi vaqtga kelib ularning soni 3 753 taga tushdi. Boshqaruv tashkilotlari tomonidan oʻtgan yilning 1-yanvar holatiga 6 976 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, bugunga kelib 14 028 tani tashkil etmoqda. Oʻtgan 2021-2022-yillar kuz-qish mavsumiga koʻp kvartirali uy-joy fondini tayyorlash boʻyicha 4 395 ta uy mukammal va joriy taʼmirlandi.
Shuningdek, koʻp qavatli uy-joy fondiga tutash hududlarni bodonlashtirish maqsadida respublika byudjetidan 73,5 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, ushbu mablagʻlar hisobidan 442 dona bolalar maydonchasi qurildi, 53 tasi taʼmirlandi. 342 106 kv.m uzunlikdagi yoʻlaklar (trotuar) beton qoplamasi bilan qoplandi. 8 651 p/m irrigatsiya tarmoqlari va 3 501 dona yoritish tizimi taʼmirlandi.
Shuningdek, 2021-yil dasturi doirasida liftlarni yangilash va taʼmirlash uchun 123,4 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, yil yakuniga qadar 535 ta lift yangisiga almashtirilib, 56 tasi qayta taʼmirlandi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida 1 101 ta uyni taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
Joriy yilda koʻp kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy taʼmirlash, tutash hududlarini obodonlashtirishda respublika miqyosida 1 250 ta uy-joyni mukammal va joriy taʼmirlash hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida MFYlarda joylashgan jami 321 ta koʻp kvartirali uyni taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan.
Tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha, 49 ta bolalar maydonchasi, 57 ta ayvonli tandirxona qurildi, 385 p/m irrigatsiya tarmoqlari taʼmirlandi, 79,8 ming.kv.m trotuarlar beton qoplamasi bilan qoplandi, 1 163 dona yoritish tizimi oʻrnatildi va 65 ta uyning xojatxonalari taʼmirlandi.
Boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini yanada rivojlantirish, aholiga zamonaviy va qulay kommunal xizmatlarni amalga oshirish maqsadida “Mening uyim” elektron billing tizimi joriy etilib, test rejimida ishga tushirildi. Bugungi kunga kelib respublika miqyosida boshqaruv servis kompaniyalari (BSK)ning 285 tasi va uy-joy mulkdorlari shirkatlari (UJMSH)ning 3 502 tasi billing tizimiga ulangan. Shu bilan birga, 183 ta boshqaruv tashkiloti hamda 1 375 ta UJMSHlar “Munis” tizimiga ulangan.
Endilikda koʻp kvartirali uy-joylar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi “Mening uyim” elektron billing tizimiga kiritib borilmoqda va hozirda jami abonentlar soni 1, 3 mln tani tashkil qiladi. Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Mening uyim” mobil ilovasi joriy etilgan.










