Brifingda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Dilshod Rahimov ishtirok etdi. Birgina may oyida Prezidentimiz tomonidan ushbu masala bo‘yicha 3 ta yig‘ilish o‘tkazilgan bo‘lib, har bir davlat idorasining aniq vazifalari belgilab berilgan hamda ushbu ishlarning moliyaviy asoslari to‘liq ta’minlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan bozorlarda ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining tanqisligini oldini olish va ularning narxlarini oshishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rib borilayotgan bo‘lib, buning uchun prokuratura organlarining barcha kuch va vositalari safarbar etilgan, kunlik faoliyatining ustuvor masalasiga aylangan.
Shtab tomonidan dehqon bozorlaridagi vaziyat doimiy tahlil qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, birinchi navbatda aholini arzon va sifatli ijtimoiy muhim turdagi mahsulotlar bilan ta’minlash uchun dehqon va fermerlarga ko‘maklashish hamda ularning manfaatdorligini oshirishga asoslangan “daladan dasturxonga” mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
Respublikamizdagi barcha dehqon bozorlarining kirish va aholi gavjum bo‘lgan joylarida qariyb 2 900 ta arzonlashtirilgan maxsus rasta va savdo nuqtasi tashkil qilingan.
Ushbu rastalarga 445 ta chorva, 275 ta parrandachilik korxonalari, 500 ta kartoshka, piyoz va sabzi, 140 taga yaqin baliq hamda 870 ta boshqa ishlab chiqaruvchilar nomma-nom biriktirilib, mahsulotlarning doimiy va mo‘l bo‘lishi ta’minlanmoqda.
Joriy yilda yog‘ingarchiliklar hisobiga qator hududlarda ertaki kartoshka, piyoz va sabzining bozorga kirib kelishida qisqa muddatli uzilish hamda yangi hosil narxining tebranishi kuzatildi.
Respublika shtabi tomonidan ushbu holat qat’iy nazoratga olinib, kartoshka, piyoz va sabzini hududlar kesimida markazlashgan tartibda yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
Birgina Surxondaryo viloyatidan respublika hududlariga qariyb 6 ming tonna ertaki kartoshka va 28 ming tonna yangi piyoz ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda bozorlarga yetkazib berilishi ta’minlandi.
Bozorlarga biriktirilgan mas’ul xodimlar mahsulot hajmi hamda narxlarini kunlik monitoring qilib, narxi oshishi mumkin bo‘lgan mahsulot turini hududlar kesimida oldindan prognoz qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Shunga muvofiq mahsulotlar arzon va taklif yuqori bo‘lgan hududdan narx oshgan hududlarga intervensiya qilish, ya’ni mahsulot miqdorini oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini hududlar kesimida manzilli yetkazib berish tadbirlari davom ettirilmoqda hamda bu jarayon doimiy nazoratga olingan.
Uchinchidan, hozirgi kunda ayrim turdagi mahsulotlar jumladan shakar va o‘simlik yog‘i narxi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda bozor mexanizmlari joriy etilgan bo‘lib, tovar-xomashyo birjasi orqali savdoga chiqarilishi jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish borasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rilmoqda.
Narxlarni manipulyasiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash tizimiga putur yetkazuvchi jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashilib, o‘tgan davrda ushbu yo‘nalishda aybdor shaxslarga nisbatan 187 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Muxlisa Raimova,
O‘zDJTU talabasi