Keyingi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og'ir, ishsiz umuman qo'llab-quvvatlash zarur bo'lgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli ko'maklashish bo'yicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi.

Har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish maqsadida moddiy yordam va ko'makka muhtoj oilalar bo'yicha mutlaqo yangi — “Temir daftar”, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo'llab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar o'rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo'lgan xotin-qizlar va yoshlar bo'yicha tegishlicha “Ayollar daftari” va “YOshlar daftari” hayotga tatbiq etildi.

Ammo, aytish kerakki ushbu masala yuzasidan huquqiy asoslar etarli darajada yo'q edi. Bir qator holatlar bo'yicha savollarga esa javoblarda mavhumlik bor edi. SHu ma'noda hamda bu yo'nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarish maqsadida 2021 yil 28 aprel`da Vazirlar Mahkamasining “Moddiy yordam va ko'makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko'ra, “Temir daftar”ning yuritilishiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, “Ayollar daftari” yuritilishi bo'yicha Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi hamda “YOshlar daftari” yuritilishiga YOshlar ishlari agentligi mas'ul hisoblanadi. e'tiborli jihati, qaror bilan har bir daftarni yuritish uchun alohida vaqtinchalik tartiblar tasdiqlandi.

Unda mazkur 3 ta daftarga qanday fuqarolar va oilalar kiritilishi, ularga qanday tartibda va qanaqa ko'mak berilishi hamda xizmatlar ko'rsatilishi bo'yicha yo'nalishlar, daftardan chiqarish kabi tartiblar aniq qilib belgilangan. SHuningdek, daftarlarga kiritiladigan har bir ehtiyojmand oila va fuqarolar Qaror ilovasida ko'rsatilgan so'rovnoma asosida o'rganiladi.

endi hammasi aniq. Bu holat sektorlarga, mahallalarga va boshqa mas'ullarga bu boradagi noaniqliklarga echim bo'lgan bo'lsa, fuqarolar o'rtasida yuzaga kelayotgan savollarga javob bor.

Xususan, mavjud 3 ta daftarga kiritilgan fuqarolarga quyidagi asosiy yo'nalishlar bo'yicha alohida e'tibor qaratiladi:

“Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar bo'yicha - bandlikni ta'minlash, tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko'maklashish, tadbirkorlikka jalb qilish, moddiy yordam hamda tibbiy xizmat ko'rsatish.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bo'yicha - bandlikni ta'minlash, tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko'maklashish, tadbirkorlikka jalb qilish, moddiy yordam ko'rsatish, turar joy ijarasi uchun kompensatsiya to'lash, tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko'rsatish.

“YOshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bo'yicha - kasb-hunar va tadbirkorlik ko'nikmalariga o'qitish, bandlikni ta'minlash, tadbirkorlikka jalb qilish, xorijda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalarida to'lov-kontrakt asosida yillik o'qish xarajatlarini to'lab berish, tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko'rsatish.

YAna bir jihat, har oyda hokimlar va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida hisobot berib boradilar va ular faoliyatiga baho beriladi. SHuningdek, aniqlangan muammolarni hal etish bo'yicha xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan mahallabay “yo'l xaritalari” tasdiqlanadi.

Sohada amalga oshirilayotgan ishlardan asosiy maqsad, fuqarolarni kambag'allikdan chiqarish va ularning farovonligini oshirish hisoblanadi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati