Taʼkidlanishicha, sertifikat Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor oʻtkazilgan mazkur roʻyxatga olish tadbirida aholining onlayn tarzda, mustaqil ishtirokini ragʻbatlantirish maqsadida joriy etilgan edi.
Roʻyxatga olishning onlayn bosqichida fuqarolar savolnomani internet orqali oʻzlari toʻldirgan va tizim avtomatik ravishda ishtirok etganlikni tasdiqlovchi sertifikatni shakllantirgan. Ikkinchi, yaʼni oflayn bosqichda esa savolnoma fuqaroning oʻzi tomonidan emas, balki roʻyxatga oluvchi xodim tomonidan planshet qurilmasi orqali toʻldiriladi. Ushbu jarayon internetsiz yoki cheklangan internet sharoitida amalga oshirilgani sababli tizim sertifikatni avtomatik shakllantirish imkoniyatiga ega emas.
Shuningdek, onlayn bosqichda savolnomani toʻldirish jarayoni OneID orqali davlat idoralarining axborot bazalari bilan integratsiya qilingan holda amalga oshirilgani tufayli fuqarolarning ayrim shaxsiy maʼlumotlari avtomatik tarzda aks etgan. Oflayn bosqichda esa davlat axborot bazalariga toʻgʻridan-toʻgʻri ulanish mavjud emas. Shu bois barcha maʼlumotlar fuqaroning bergan javoblari asosida qoʻlda kiritiladi.
Qayd etilishicha, ushbu tartib maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash hamda ularni toʻgʻri va ishonchli yigʻish maqsadida joriy etilgan. Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbiri mamlakat taraqqiyotini aniq raqamlar asosida rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etib, uning samarasi, avvalo, aholi tomonidan taqdim etilayotgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va toʻliqligiga bogʻliq.