Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun subsidiyalar beriladi

    Bilasizmi? 27 Sentabr 2022 4477

    Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qanday maqsadlar uchun subsidiyalar ajratiladi?

    Bu haqda "Huquqiy axborot kanali maʼlumot berdi.

    Unga koʻra:

    • yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish uchun – BHMning 30 baravarigacha (9 mln soʻmgacha) miqdorida;
    • sugʻorish vositalari xarid qilish uchun – BHMning 10 baravarigacha (3 mln soʻmgacha) miqdorida;
    • urugʻliklar va koʻchatlar sotib olish uchun – BHMning 3 baravarigacha (900 ming soʻmgacha) miqdorida;
    • ishsiz fuqarolar, kam taʼminlangan oilalar aʼzolari va tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga ularning bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etiladigan qishloq xoʻjaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun – BHMning 10 baravarigacha (3 mln soʻmgacha) miqdorida;
    • “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qoʻlda gilam va ipak mato toʻqish bilan shugʻullanuvchilarga 3 tadan kam boʻlmagan ish oʻrni yaratish sharti bilan gilam va ipak mato toʻqish dastgohini xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun – har bir dastgoh uchun BHMning 10 baravarigacha (3 mln soʻmgacha) miqdorida;
    • “Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish” uyushmasi aʼzolariga qoʻl mehnati uchun uskunalar xarid qilish boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish oʻrni yaratish sharti bilan BHMning 10 baravarigacha (3 mln soʻmgacha) miqdorida;
    • 2025-yil 1-yanvargacha jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravaridan oshmagan (600 ming soʻmgacha) miqdorda bir martalik;
    • tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak boʻlgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun – 7 million soʻmgacha, xotin-qizlarga 10 million soʻmgacha;
    • tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgandan soʻng dastlabki 3 oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara toʻlovini toʻlash uchun – BHMning 10 baravarigacha (3 mln soʻmgacha) miqdorida;
    • hunarmandlarning “Hunarmand” uyushmasiga aʼzolik badali xarajatlari uchun – aʼzolik badali miqdorida;
    • aholi bandligiga koʻmaklashish markazida roʻyxatdan oʻtgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlayotgan ishsiz shaxslarga – yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun – sarflanadigan xarajatlarni toʻlashda bir martalik;
    • “usta-shogird” anʼanalari asosida yoshlarga hunar oʻrgatayotgan hunarmandlarga (kulollarga) shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlash uchun – 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan (600 ming soʻmdan) kam boʻlmagan miqdorda;
    • shogirdlarga – mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olish, shuningdek, ustalarga – internet saytlarini tashkil etish, oʻz mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 25 baravari (7,5 mln soʻm) miqdoridan oshmaydigan qismiga subsidiya ajratiladi.