Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti(JSST)ning ma'lumotiga ko'ra, XXI asrning dolzarb muammolaridan biri, dunyo aholisining ortiqcha tana vaznidan aziyat chekishi bilan bog'liq. Bugungi kunda, ko'pgina davlatlar aholisi orasida noto'g'ri ovqatlanish yoki rafinadlangan (tarkibida tuz, qand, yog' miqdori ko'p bo'lgan taom va shirinliklar) oziq moddalarini haddan ziyod iste'mol qilinishi natijasida “semirish epidemiyasi” yuzaga keldi.
Aholining “bir xil taomnoma” asosida ovqatlanishi, afsuski, vitamin va minerallar etishmovchiligiga sabab bo'lib, bu o'z navbatida yoshlarda ratsional o'sish va aqliy rivojlanishda ortda qolish, kattalarda esa, yurak qon-tomir, endokrin, xavfli o'sma kabi insonning erta o'limiga olib keluvchi qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo'lmoqda. JSST prognoziga ko'ra, dunyo aholisi shunday oziqlanishni davom ettirsa, 2030 yilda aholi o'lim ko'rsatkichining 75 foizi ushbu kasalliklar hissasiga to'g'ri keladi.
O'zbekiston Respublikasida so'nggi yillarda aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini shakllantirish va tibbiy madaniyatini oshirish, xavf omillarining oldini olishda tibbiy profilaktikani yanada takomillashtirish, tibbiy patronaj xizmatining sifatini kuchaytirish kabi bir qator Davlat dasturlari ishlab chiqilib, ushbu sohaga Prezidentimiz tomonidan katta e'tibor qaratib kelinmoqda. Shu jumladan, Davlatimiz rahbari 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog'lom ovqatlanishini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bunga dalildir.
Mazur qarorning imzolanishi jamiyatimizning sog'lom kelajak sari tashlangan shaxdam qadamlaridan biri bo'lib, aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini shakllantirish davlat siyosati darajasiga ko'tarilganidan dalolatdir.
Avvalo aholi orasida to'g'ri ovqatlanish ko'nikmasini shakllantirish, jismoniy faollik darajasini oshirish (badantarbiya, kechki sayrlarni urfga kiritish), aholining pandemiya davridagi olgan saboqlarini inobatga olgan holda ruhiy zo'riqish va uning oqibatida zararli odatlarga ruju qo'yishning oldini olishga e'tibor qaratishimiz zarur.
Qarorga ko'ra 6-23 oylik go'daklar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutrient kukuni bilan, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo'lgan bolalar “A” vitamini, 2-10 yoshdagi bolalar gel`mintoz profilaktikasi bo'yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta'minlanishi tashkil etiladi. Shu o'rinda bu amaliyotlarni o'z vaqtida va sifatli amalga oshirishning muhim jihatini aytib o'tish joiz.
Inson salomatligi, eng avvalo, uning tug'ilgan chog'idagi sog'lig'i holati bilan chambarchas bog'liq. Ayni paytda bu bolaning ota-onasi qay darajada sog'lomligiga ham daxldor. Sog'lom ota-onadan tug'ilgan farzandlarimiz ham samarali parvarishga muhtoj. Ularning iste'molidagi oziq moddalar tarkibida etarli miqdorda mikronutrientlar yoki soddaroq qilib aytsak, mineral va vitaminlar bo'lishi kerak. Barcha vitaminlar orasida bolaning o'sishi va rivojlanishiga eng ko'p ta'sir etuvchi “A” vitamini sanaladi. Aynan u bolaning ham aqlan, ham jismonan barkamol bo'lib etishishida muhim rol` o'ynashini tadqiqotlar ham tasdiqlaydi.
Ochig'i, bolalarimizning ko'p qismi gijja bilan xastalangani sir emas. Bu, albatta, oiladagi tibbiy madaniyat, orastalik va o'zaro muloqot davomidagi gigienik normalarga amal qilmaslik yoki ular haqida ma'lumotga ega bo'lmaganligi tufayli o'zini himoyalash ko'nikmasi yo'qligi oqibatida kelib chiqadi. Amaliyotda bolalar gel`mintoz profilaktikasining ommaviy tarzda o'tkazilishi samara olib kelgan. Fragmentar olib borilishi esa kasallikning qaytalanishiga sababchi bo'lgan.
Bola salomatligini parvarish qilish bilan bir qatorda homilador va emizikli ayollar hamda 3-15 yoshdagi bolalar yod preparati bilan, 35 yoshgacha bo'lgan tug'ish yoshidagi ayollar temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta'minlanishi belgilab berilgan. Ushbu chora-tadbirlar tug'ish yoshidagi aksariyat ayollarimizda uchrayotgan bo'qoq, anemiya kasalliklarini kamaytirishga va katta yoshdagi homilador ayollardan nogiron bolalar dunyoga kelish ehtimolini kamaytirishga yordam beradi.
To'g'ri ovqatlanish piramidasining asosida bug'doy va yormalar joy egallagan. SHu kunga qadar, davlatimiz tomonidan aholi uchun ommabop bo'lgan 1 navli bug'doy uni mikronutrientlar bilan to'ldirib kelinar edi (75 foiz). Qarorda 1 navli bug'doy un bilan bir qatorda oliy navli bug'doy uni ham zaruriy mineral va vitaminlar bilan to'yintirilishi (90 foiz) yo'lga qo'yilmoqda. Respublikamizning qishloq aholisi tegirmon unidan iste'mol qiladi, bu bug'doy uni aksariyat holatlarda mikronutrientlarga boy kepakli undir. Lekin shahar aholisi do'kon peshtaxtalaridan sotib olayotgan noni ham endilikda mikronutrientlarga boyitilgan bug'doy undan ishlab chiqarila boshlaydi.
Albatta, yuqoridagi belgilangan tadbirlar ommaviy axborot vositalari orqali targ'ib qilinishi, tibbiyot xodimlari, jamiyatning faol fuqarolari tomonidan to'g'ri ovqatlanish tamoyillari tushuntirib borilishi lozim. Oilada oziq-ovqatning xilma-xilligi, oqsil, yog', uglevodlar bilan optimal ravishda to'yinganligi insonning yoshi, jinsi, mehnat faoliyati, tana tuzilishlarini hisobga olgan holda balanslashgan.
Aholini besh mahal ovqatlanish rejimiga o'rgatish, o'z salomatligini parvarish qilish ko'nikmalarini shakllantirish lozim. Buning uchun qat'iy kun tartibiga rioya qilish, ratsional ovqatlanish, jismoniy faollik va ruhiy emotsional barqarorlikka erishishga harakat qilish talab etiladi.
Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli tadbirlar aholi salomatligini tiklash, mustahkamlashga yo'naltirilgan. Ana shu imkoniyatlardan samarali, ma'suliyat bilan foydalanish lozim. Qarorda ko'zda tutilgan maqsad ham aholining tibbiy madaniyatini oshirish, ijobiy xulq-atvor ko'nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Nozima FAYZIEVA,
tibbiyot fanlari nomzodi, dosent









