Orzu-havas, xohish-istaklarning koʻp boʻlishi inson tabiatiga xos xususiyat. Zero, har birimizda oilamiz, yaqinlarimiz, oʻqiyotgan yoki ishlayotgan muassasamiz hamda davlat va jamiyatdan kutadigan xohish-istaklar mavjud. Bu tabiiy holat.
Xalq istagi-chi? Oʻz nomidan ham bu mutlaqo koʻpchilikning muayyan mavzu yoki masalaga doir xohish va istaklari majmuini anglatadi. Masalan, hammamiz yurtimiz doim tinch boʻlishini, xalqimiz farovon yashashini xohlaymiz.
Lekin jamiyatda tabiiy rivojlanish jarayoni, normativ-huquqiy hujjatlardagi yangilanishlar, ilm-fan va texnika taraqqiyoti, ortib borayotgan ehtiyojlarimiz hisobiga ayrim muammoli masalalar paydo boʻladiki, bu juda koʻpchilikka daxldor boʻlgani nuqtayi nazaridan ham xalq istagi darajasiga koʻtariladi. Aytaylik, mamlakatimizda uzoq yillar mobaynida aholi talabini qondiradigan darajada turar joylar qurilmagani va uy-joy qurish uchun yer ajratilmagani oqibatida, bir tomondan, noqonuniy qurilishlar koʻpaygan boʻlsa, boshqa tomondan, uy-joyga yuqori talab saqlanib keldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng koʻlamli uy-joy qurilishi boshlangani, maxsus farmon qabul qilinib, aholining noqonuniy turar joylarini hujjatlashtirish ishlari olib borilayotgani esa xalqimiz istagan, boshqacha aytganda, millionlab yurtdoshlarimiz xohlagan ish boʻldi. Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyili islohotlarning oʻzagi ekani amaliy jihatdan oʻz tasdigʻini topdi.
Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasining shu yil 15-mayda qabul qilingan “Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori koʻp ming sonli yurtdoshlarimizning ayni koʻnglidagi, ular istagan voqea boʻldi.
Xoʻsh, ushbu qaror qaysi jihatlari bilan koʻpchilikning quvonchi, olqishi, bugungi yashayotgan kunidan rozi boʻlishiga zamin yaratmoqda? Bunga quyida atroflicha toʻxtalib oʻtamiz.
Har kuni kimdir ishga, oʻqishga va yana kimdir oʻz yumushi bilan boshqa manzilga borish uchun yoʻlga chiqadi. Lekin yoʻllardagi tirbandlik, sunʼiy cheklovlar sabab koʻpchilikning kuni koʻngilxiralik bilan boshlanadi. Tabiiyki, ertalab ishga kelayotgan odam shoshadi. Haydovchiga tezroq yurishni, kechikayotganimizni aytamiz. Haydovchi esa, oʻz navbatida, sizga chorrahalarda turgan foto-video qurilmalarni, tirbandlik sabab yoʻl chiziqlarini bosib oʻtib ketolmasligini aytadi.
— Ilojsizlikdan koʻp noqulay vaziyatlarga tushib qolamiz, ataylab qoidabuzarlik qilinmaydi, — deydi 65 yoshli haydovchi Anvar Bozorboyev. — Chuqurlikdan olib qochamiz yoki yoningizdagi haydovchi bir sabab bilan siz tomon avtomobil rulini burib yuboradi. Keyin majbur boʻlasiz qoida buzishga. Bugungi harakat xavfsizligi qoidalarini buzganlik boʻyicha jarimalarni toʻlashning oʻzi boʻlmaydi. Har kuni yoʻlga chiqishga majburman. Chunki ertalab nevaralarimni bogʻchaga, kattalarini maktabga olib borishim kerak. Oʻzlarini joʻnata olmayman, yoʻllarda harakat oqimi juda katta. Bu qabul qilingan yangi hujjat bilan haydovchilarga taqdim etilayotgan yengilliklarni oʻqib juda quvondim. Toʻgʻrisiyam-da, baʼzi joylardagi chiziqlar oʻzi koʻrinmaydi-yu, lekin jarimasi kelib turadi. Odamga alam qiladi-da axir. Adolat bor ekan, mana endi bu qaror nafaqat jarimalarni kamaytiradi, balki tirbandliklarning ham oldini oladi deb oʻylayman.
Mamlakatimizdagi barcha yangilanish jarayonlari, islohotlar asosida “Inson qadri uchun” tamoyili yotibdi. Buning uchun, avvalo, aholi bilan bevosita muloqotni yoʻlga qoʻyib, muammolar, kamchiliklarni bartaraf etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq-manfaatlari roʻyobga chiqarilishini taʼminlash bosh maqsadga aylandi.
Amalga oshirilayotgan islohot yoki joriy etilayotgan yangi tartiblardan maqsad aholiga naf keltirish, odamlar ogʻirini yengil qilish boʻlishi kerak. Buning natijasi xalqni rozi qilish bilan oʻlchanadi. Bu bugun yuritilayotgan siyosat talabi.
Gohida odamlarning ushbu masala Prezidentga yetib borsa, muammo bartaraf boʻladi degan gaplari qulogʻimizga chalinadi. Ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilingan masalalarga davlatimiz rahbari tomonidan izoh, yechim boʻyicha tegishli topshiriqlar berilgani bilan bogʻliq misollar juda koʻp.
Aholining yoʻl harakati qoidalari bilan bogʻliq turli jarimalarga nisbatan bildirilayotgan haqli eʼtirozlari ham Prezidentimiz tomonidan bir necha bor koʻrsatib oʻtilgan. Buning natijasi Vazirlar Mahkamasining nomi yuqorida qayd etilgan qarori boʻldi. Bu qaror bevosita aholi ehtiyoji, soʻrovlar va baʼzi eʼtirozlaridan kelib chiqqan masalalarni oʻz ichiga olib, ularning yechimlarini berishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
— Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan, sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar fuqarolar va haydovchilar fikrlarini inobatga olgan holda takomillashtirib borilmoqda, — deydi IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Erali Bozorov. — Chunki yoʻl harakatini tartibga solishdagi ayrim normalar fuqarolar eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Bu qaror jamoatchilik fikri inobatga olinib, ularni bugungi kunda qiynab kelayotgan masala va muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqildi. Ish jarayonida yoʻl-transport hodisalari tahlillari, tegishli vazirlik va idoralar fikr va mulohazalari oʻrganildi. Bugungi kunda yurtimizda transport vositalari va aholi soni ortib bormoqda. Bu esa, oʻz navbatida, harakat xavfsizligini taʼminlashda juda katta masʼuliyatni talab qiladi. Shu bilan birga, yoʻl infratuzilmasini ham rivojlantirish zarur.
Aslida, haqqoniy yozilgan jarimaga haydovchi ham, piyoda ham eʼtiroz bildirmaydi. Lekin yaxshi koʻrinmaydigan, sunʼiy qoʻyilgan toʻsiq yoki avtomobilni jiddiy shikastlashi mumkin boʻlgan chuqurni aylanib oʻtayotganda hamda boshqa hollarda yoʻl chizigʻini bosishga jarima qoʻllash adolatdan emas. Ayni masalaga aholi tomonidan haqli ravishda eʼtiroz bildirib kelinayotgan edi.
IIV maʼlumotlariga koʻra, foto-video qayd etish texnik vositalari orqali birgina yoʻl chiziqlari bilan bogʻliq holatlar yuzasidan oʻtgan yilda 3,3 million haydovchi jarimaga tortilgan boʻlsa, joriy yilning birinchi choragida 884 ming haydovchiga nisbatan jarima qoʻllanilgan.
Qarorga muvofiq, joriy yil 1-iyundan boshlab yoʻlning qatnov qismidagi chiziqlarni bosish holatlarini foto-video vositalar orqali rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.
— Ijtimoiy tarmoq faoliman. Kuzatishlarim davomida tarmoqlarda eʼtirozlar va tushunmovchiliklarga sabab boʻlayotgan ayrim qoidabuzarliklar haqidagi gap-soʻzlar juda koʻp tarqalgan edi, — deydi bloger Asqar Jumaniyozov. — Misol tariqasida aytib oʻtishim kerakki, chorrahalardagi foto va video qayd etish vositalaridan yoʻl chiziqlari sabab kelayotgan jarimalarning aksariyati adolatsizlikdan boshqa narsa emas. Chunki haydovchi majburan bosishga toʻgʻri kelgan holatlar koʻp. Bunga koʻpchiligimiz guvoh boʻlganmiz yoki bevosita ana shu qoidabuzarlik sababchisimiz.
Endi yoʻl chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Toʻxtash chizigʻi — “stop-liniya” bundan mustasno ekani belgilab qoʻyildi.
Yaʼni haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
Odatda dam olish kunlari sayohatga chiqamiz. Shunday vaqtda eng koʻp asabimizni kilometrlab choʻzilgan sunʼiy tirbandliklar buzadi. Sababi qayerdadir yoʻl taʼmirlanyapti yoki yoʻlga chiziq tortilmoqda. Bunday taʼmir ishlarini oddiy ish kunlarida ham qilish mumkin, aslida.
Qarorda bu masalaga ham yechim berildi. 2025-yil 1-iyundan boshlab shaharlar avtomobil yoʻllarida taʼmirlash yoki yoʻl chiziqlarini chizish bilan bogʻliq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib boʻlmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yoʻl qoʻyilmaydi.
— Xorijiy tajriba va fuqarolar fikrini inobatga olgan holda yoʻllarda taʼmirlash yoki yoʻl chiziqlarini chizish bilan bogʻliq ishlarni tungi vaqtlarda amalga oshirish belgilanmoqda, — deydi E.Bozorov. — Bunday ishlar faqat kechasi, yoʻllardagi harakat kamaygan vaqtda amalga oshiriladi. Bu esa, oʻz navbatida, tirbandliklarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Sohadagi yangiliklardan yana biri shundaki, maʼmuriy jazolar tizimiga yangi — “maʼmuriy ogohlantirish” taʼsir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaga koʻra, yoʻl harakati qoidalarini buzish bilan bogʻliq ayrim yengil turdagi huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslarga DPX inspektori tomonidan ogohlantirish beriladi. Ogohlantirish bir yil ichida faqat bir marotaba berilishi mumkin.
Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning oltita moddasida koʻzda tutilgan qoidabuzarliklarni sodir etgan shaxslar maʼmuriy ogohlantirilishi belgilandi. Xususan, transport vositasini boshqarish vaqtida mobil aloqa vositasida gaplashish, videodasturlarni tomosha qilish maqsadida monitordan foydalanish, “Toʻxtash taqiqlangan” va “Toʻxtab turish taqiqlangan” qoidalarini buzish, majburiy sugʻurta talablari va piyodalar yoʻl harakati qoidalarini buzish shular jumlasidan.
Mazkur chora yoʻl harakati bilan bogʻliq ayrim yengil turdagi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan inspektor tomonidan qoʻllanilishi mumkin.
Yana bir muhim jihat. Taqiqlovchi yoki tezlikni kamaytiruvchi belgi qoʻyilib, ustiga-ustak kamera oʻrnatilgan boʻlsa, amal qilishga majbursiz. Garchi kechasi soat 00:01da temir yoʻldan poyezd oʻtmayotgan boʻlsa-da.
Bugungi kunda avtomobil yoʻlini kesib oʻtuvchi ayrim temir yoʻllarda hafta yoki kun davomida vagonlar harakatlanmasa-da, haydovchilar belgi oldida toʻxtashga majbur va natijada uzun tirbandliklar yuzaga kelmoqda.
Masalan, Toshkent shahrining Fargʻona yoʻli koʻchasi (koʻprik oldida), Choʻponota va Shota Rustaveli koʻchalari kesishmasi, Kichik halqa yoʻli (Qushbegi) singari yirik yoʻllarda zarurat boʻlmasa-da, haydovchilar toʻxtashga majbur.
Qaror bilan avtomobil yoʻllaridan oʻtgan ayrim temir yoʻl kesishmalarida “Stop” belgilari boshqariluvchi svetoforlarga almashtirilishi belgilandi.
Shuningdek, jamoat transporti uchun ajratilgan yoʻllarda soat 23:00 dan 06:00 ga
qadar boshqa transport vositalarining harakatlanishiga “Toʻxtash taqiqlangan” va “Toʻxtab turish taqiqlangan” yoʻl belgilariga qoʻshimcha ravishda ularning amal qilish vaqtini oʻrnatgan holda ushbu hududda tungi yoki boshqa vaqtga toʻxtab turishga ruxsat beriladi.
— Jamoat transportiga ustuvorlik berish, tirbandliklarning oldini olish maqsadida avtomobil yoʻllarida alohida “A” tasmali yoʻlaklar ajratilgan, — deydi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi axborot xizmati boshligʻi Firdavs Xayriddinov. — Bu yoʻlaklar avtobuslar harakati uchun ajratilgan, yaʼni boshqa transport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan.
Qarorga koʻra, endilikda soat 23:00 dan boshlab deyarli barcha avtobus yoʻnalishlari oʻz ishini tugatishini hisobga olib hamda qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida boshqa transport vositalariga soat 23:00 dan
06:00 ga qadar alohida ajratilgan tasmalarda harakatlanishiga ruxsat berildi.
— Mazkur qaror bilan hududlarni oʻrganib chiqib, uning oʻziga xos xususiyatini inobatga olib, koʻchalarda oʻrnatilgan “Toʻxtash taqiqlangan” va “Toʻxtab turish taqiqlangan” yoʻl belgilarining maqsadga muvofiq oʻrnatilgani nuqtayi nazaridan toʻliq qayta koʻrib chiqilishi belgilandi, — deydi IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshqarma boshligʻi Anvar Abdullajonov. — Jumladan, zarurat boʻlmagan joylarda oʻrnatilgan yoʻl belgilari demontaj qilinadi, ularning amal qilish vaqtini koʻrsatuvchi qoʻshimcha axborot belgilari oʻrnatiladi.
Eslatib oʻtish kerakki, qoʻshimcha axborot belgilarida belgilangan vaqtdan tashqari holatda toʻxtab turish qoidabuzarlik hisoblanmaydi. Qaror bilan shu belgilarda koʻrsatilgan amal qilish vaqtidan tashqari paytda transport vositalarining tegishlicha toʻxtashi hamda toʻxtab turishiga ruxsat berildi. Masalan, “Toʻxtab turish taqiqlangan” belgisining tagida amal qilish vaqti soat 07:00 – 21:00 deb koʻrsatilgan boʻlsa, transport vositalari ushbu belgi hududida soat 21:00 dan 07:00 ga qadar bemalol toʻxtab turishi mumkin boʻladi.
— Men yashaydigan uy yonidagi davlat tashkiloti oldida “Toʻxtash taqiqlangan” yoʻl belgisi bor, — deydi haydovchi Sanʼat Shokirov. — Tabiiyki, biz oʻsha uyda yashovchilar avtomobilimizni yashash joyimizga qoʻyamiz. Achinarlisi, menga mashinamni uyimning oldiga qoʻyganim uchun jarima keldi. Bu qarordan xursandligim shundaki, endi bemalol kechki paytdan ertalabgacha, yaʼni belgilangan vaqt oraligʻida bunday imkoniyatdan foydalanishim mumkin. Men va menga oʻxshagan oʻsha yerda yashovchilar uchun bu juda qulaylik boʻldi.
Shuningdek, joriy yil 1-sentyabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qilishga moʻljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan koʻp boʻlmagan hududda “Radar” yoʻl belgisining oʻrnatilishi majburiy boʻladi.
Shuningdek, qarorga muvofiq:
— IIV tomonidan 2025-yil yakuniga qadar chorraha va yoʻllardagi barcha maxsus texnika vositalari toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi;
— xatlov natijalari boʻyicha oʻzboshimchalik bilan yoki belgilangan tartibga rioya etmagan holda oʻrnatilgan, texnik va standart talablariga javob bermaydigan texnika vositalari demontaj qilinadi;
— haydovchilar tomonidan tezlikni oshirish holatlari koʻplab kuzatilayotgan hududlarda avtomashinalarning ayni vaqtdagi tezligini koʻrsatib ogohlantiruvchi elektron tablolar oʻrnatiladi;
— tadbirkorlarning maxsus texnika vositalaridan foydalanishda shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash, suiisteʼmolchiliklarning oldini olish choralari koʻriladi;
— tadbirkorlik subyektlarining axborot bazalari va server qurilmalari “Xavfsiz shahar” markazi boshqaruviga oʻtkaziladi.
— Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida foto-video qayd etish tizimlaridan foydalanish yanada takomillashtirilib, “Xavfsiz shahar” markazi tomonidan texnik nazorat va monitoring tizimi kuchaytiriladi, — deydi IIV “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi direktori Ulugʻbek Kulanov. — Yaʼni davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati bilan hamkorlikda foto-video qayd etish tizimlarining belgilangan yangicha talablarga muvofiq ishlashi taʼminlanadi.
Joriy yil yakuniga qadar tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻrnatilgan foto-video qayd etish tizimlarining maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash qurilmalari hamda dasturiy taʼminoti bosqichma-bosqich “Xavfsiz shahar” markazi boshqaruviga oʻtkaziladi. Tizimlarni uzluksiz monitoring qilish orqali ularning ishi toʻgʻridan toʻgʻri hamda masofaviy ravishda doimiy nazorat qilib boriladi.
Bugungi kunda muhim masalalardan yana biri — maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari atrofida soatiga 30 kilometrdan oshirmasdan harakatlanish mumkinligini koʻrsatuvchi belgi. Tartibga koʻra, bu belgiga har qanday vaqtda amal qilishga majbursiz. Lekin dam olish kunlari, kechki payt, taʼtil paytlari, yaʼni taʼlim muassasalarida bolalar boʻlmagan vaqtda ham bu qoidaga amal qilish mantiqsizlikdan boshqa narsa emas.
Shuning uchun ham endilikda maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari atrofidagi yoʻllarda yoʻl harakati qoidalari bilan belgilangan tezlik chegarasini dam olish kunlari, taʼtil davrlarida va 19:00 dan 07:00 gacha vaqt oraligʻida ushbu aholi punkti uchun ruxsat etilgan umumiy tezlik chegarasigacha oshirib harakatlanishga ruxsat berilmoqda.
Koʻrinib turibdiki, bir qarashda koʻzga tashlanmaydigan, lekin odamlar kundalik hayoti davomida duch keladigan koʻplab masalalar bor. Bular aholining vaqti, asabi va choʻntagiga, pirovardida umumiy samaradorlikka taʼsir qiladi. Shu maʼnoda aytadigan boʻlsak, qabul qilingan qaror bilan katta muammolarga yetaklaydigan kichik muammolar bartaraf etilmoqda.
Lutfulla SUVONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









