Yonilgʻi sifati avtomobil dvigatelining barqarorligiga bevosita taʼsir qilishini hamma yaxshi biladi. Shu bilan birga, avtobenzin markalari texnik xususiyatlariga koʻra bir-biridan sezilarli darajada farqlanadi.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida yoqilgʻi quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzinni AI-91 yoki AI-92 markasi ostida sotish holatlari aniqlangan.
Shu sababli mamlakatimizning turli hududlarida xususiy korxonalarga qarashli 23 ta yonilgʻi quyish shoxobchalarida sotilayotgan yonilgʻi sifatini aniqlash maqsadida nazorat xaridlari oʻtkazildi, shuningdek, belgilangan hajmdan kam hajmlarda benzin mahsulotini quyib berish holatlari ham oʻrganildi.
Qonunbuzarliklar Samarqand viloyatidagi “Triada ekspress servis” MCHJ, “Turop Godir” MCHJ va “Muxammad neft oil” MCHJ kabi yonilgʻi quyish shoxobchalarida aniqlandi. Sirdaryo viloyatidagi “SAID AGSM TEX SERVIS”, “Bekzod-5”, “Murod Maqsad Trans” va “LUX PETROL” MCHJlarga qarashli yonilgʻi quyish va boshqa shu kabi shoxobchalarda ham bunday holatlar kuzatilgan.
Yonilgʻi quyish shoxobchalari faoliyatini oʻrganish natijalariga koʻra, benzinni notoʻgʻri sotish, shuningdek, isteʼmolchilarga toʻliq hajmlarda quyib bermaslik natijasida yetkazilgan zarar miqdori qariyb 489 million soʻmni tashkil etdi. Ayni paytda Qoʻmita tomonidan isteʼmolchilarga yetkazilgan zararni qoplash va qayta hisob-kitob qilish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Qoʻmita tomonidan birja auksionlarida xarid qilingan va yonilgʻi quyish shoxobchalari orqali sotilayotgan AI-80 markali benzin sotilishini tizimli oʻrganib chiqilayotganini ham alohida taʼkidlash lozim.
Shu tariqa, yil boshidan buyon birja savdolari orqali oʻrtacha 20 tonna, jami 5,2 ming tonna neft mahsulotlari xarid qilinganiga qaramay, 241 ta yonilgʻi quyish shoxobchalarida isteʼmolchilarga benzin sotilmagani aniqlandi, yaʼni sunʼiy ajiotaj holati vujudga keltirilmoqda. Oʻrganishlar natijalari boʻyicha materiallar zarur choralar koʻrilishi uchun Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim etildi.