Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari uzoq tarixga ega boʻlib, oʻlkada qadimdan turli millat va elat vakillari bir-birlari bilan tinch-totuv va ahil-inoq boʻlib yashab kelgan. Insoniyat tamaddunining beshiklaridan hisoblangan ushbu maskanda oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tojik, qoraqalpoq va boshqa xalqlarning ajdodlari bilan yonma-yon istiqomat qilib kelayotgan xalqlardan biri turkmanlardir.
Oʻzbek va turkman xalqlari tarixi olis moziyga borib taqaladi va ushbu hamkorlik azaldan samarali tarzda rivojlanganligi tufayli muhim tarixiy ahamiyatga egadir.
Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Tarixiy va maʼnaviy ildizlarimizning birligi doʻstona munosabatlarni kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi”.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning mustaqillik yillarida qoʻlga kiritgan katta yutuqlaridan biri, koʻp millatli fuqarolar oʻrtasida tinchlik va millatlararo totuvlikning taʼminlanganligidir. Bunda mamlakatimizda istiqomat qiluvchi turli millat vakillari tomonidan vujudga keltirilgan milliy madaniy markazlarning oʻrni alohida ahamiyat kasb etadi.
2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yoʻnalishi – xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, bundan yuz yil avval respublikamiz hududida 70 ga yaqin millat vakillari istiqomat qilgan boʻlsa, ayni paytda 136 ta millat, elat va etnik guruhlar yashamoqda. Mamlakatda turli millatga mansub fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotdagi faol ishtirokini taʼminlash, ularning milliy oʻzligini anglashi hamda etnik qadriyatlarini saqlab qolishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Yurtimizda yuritilayotgan oqilona milliy siyosat natijasi sifatida maktablarimizda 7 ta milliy til (oʻzbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillari)da oʻqitish ishlari va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining teleradio kanallari orqali 10 dan ortiq tilda (oʻzbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman, ingliz, nemis, koreys, tatar, uygʻur, ozarbayjon tillarida) koʻrsatuv va eshittirishlar namoyish etilib, gazeta va jurnallar nashr qilinmoqda.
Oʻzbekistonda millat va elatlar oʻrtasida milliy jipslashish jarayonini mustahkamlash maqsadida hozirgi paytda 147 milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Milliy madaniyat markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga yaqindan koʻmak koʻrsatish, aytish joizki, Qoʻmitaning asosiy vazifasi etib belgilangan.
Mamlakatimizda oʻzaro hamkorlik, totuvlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasi oʻlaroq, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari madaniyatini ravnaq toptirish hamda yangicha mazmun bilan boyitishda muhim omil boʻluvchi Oʻzbekiston milliy siyosatining tolerantlik tamoyillari ishlab chiqildi. Uning eng muhim yoʻnalishlari hisoblangan millatlar va elatlarni jipslashtirish, har bir xalq, shuningdek har qanday shaxsning oʻz tengligini demokratik tanlash asosida oʻzi belgilash huquqini tan olishi, suverenitet tamoyillari, shu jumladan barcha fuqarolarning erkin milliy rivojlanish huquqini hayotga tatbiq etish hamda inson huquqlarining boshqa barcha huquqlardan ustunligini tan olish kabi tamoyillari hayotga soʻzsiz tatbiq etila boshlandi.
Darhaqiqat, oʻtgan davr mobaynida millatlararo totuvlikni taʼminlash masalasida mamlakatimizda boy tajriba toʻplanib, milliy qonunchilik va xalqaro umum eʼtirof etilgan huquqiy normalar asosida 130 dan ortiq millat va elat vakillarining yagona oilada doʻstlik va inoqlikda hayot kechirishi hamda ularning oʻz ona Vatanlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda ibratli tajribalar toʻplandi. Jumladan, ikki qardosh – Oʻzbekiston va Turkmaniston davlatlari oʻrtasidagi anʼanaviy oʻzaro hurmat va doʻstlik rishtalariga asoslangan aloqalar mustaqillik yillarida siyosiy-huquqiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yana-da ravnaq topmoqda. Shu bois, ikki mamlakat oʻrtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishda turkmanistonlik oʻzbeklar va Oʻzbekistonda yashayotgan turkmanlar muhim oʻrin tutadi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yil 1-yanvar holatiga koʻra mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 202 mingdan ortiq turkman millatiga mansub xalqning hozirgi va kelajakdagi milliy ravnaqi uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Faxr va gʻurur ila taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan turkmanlar oʻzbek xalqi bilan turkiy tillar guruhiga kirishi hamda umumiy tarixi, milliy qadriyatlarining mushtarakligi ayni paytda davlatlararo munosabatlarda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar vakillari qatorida Oʻzbekiston hukumati turkman millatiga mansub fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ijtimoiy va maʼnaviy-maʼrifiy hayotini rivojlanishiga ham alohida eʼtibor bermoqda.
Maʼlumki, mamlakatimizda yashayotgan har bir xalq va millatning etnik oʻziga xosligi, tili, urf-odati, anʼanalarini saqlashda muhim rol oʻynaydigan milliy madaniy markazlarning faoliyatini rivojlantirilishi shubhasiz, ularning tinch va osoyishta hayoti, ertangi kunga boʻlgan ishonchning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Turkman milliy madaniyatining anʼana va urf-odatlari hamda tilini saqlagan holda rivojlantirish, shuningdek Turkmaniston davlati bilan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va milliy-madaniy sohalardagi hamkorlikni yana-da ravnaq toptirish, ayniqsa ikki xalq oʻrtasida hamjihatlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash mazkur muvofiqlashtiruvchi markazning asosiy maqsad va vazifalaridan hisoblanadi.
Tili bir, urf-odati yaqin oʻzbek va turkman xalqlari azaldan qoʻni-qoʻshnichilikda ahil-inoq yashab kelmoqda. Ularning madaniyati, sanʼati va adabiyoti hamohang. Turkman xalqi buyuk Alisher Navoiy gʻazallarini sevib oʻqiganidek, oʻzbeklar ham Maxtumqulini oʻz shoiridek ardoqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan oʻtgan davr mobaynida 200 nafarga yaqin turkman millatiga mansub yurtdoshlarimiz milliy madaniyatlar, urf-odat va anʼanalarning oʻziga xosligini saqlash va rivojlantirish, doʻstlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash sohasidagi samarali xizmatlari hamda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot va ordenlar bilan munosib tarzda taqdirlandi.
Shubhasiz, dunyoning turli mintaqalarida millatlararo va dinlararo nizoli vaziyatlar roʻy berib turgan tahlikali bir zamonda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona milliy siyosatning samarasi oʻlaroq, turli millat va elat vakillarining yagona oila boʻlib, inoqlikda yashashiga, qolaversa ularning milliy anʼana va urf-odatlarini saqlab qolish hamda rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi – mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalik, ayni paytda barqarorlikning asosiy omillaridan boʻlib xizmat qilmoqda.
Oʻzaro hamkorlik, totuvlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasi oʻlaroq, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari kabi turkman millati madaniyatini ravnaq toptirish hamda yangicha mazmun bilan boyitishda muhim omil boʻlmoqda. Aytish joizki, turkman xalqining Vatani tarixiy Turkmaniston davlati bilan yurtimiz madaniy hamkorligining yildan-yilga tobora mustahkamlanib borishi hamda oʻsishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Gʻulom MIRZAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori