Bugun Nukus shahridagi Oqqush kompleksida joylashgan qora uyda Qoraqalpoq klassik adabiyotining yorqin namoyondasi Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining 200-yillik yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya va badiiy-adabiy kechaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining nomini abadiylashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar xususida soʻz yuritdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk mutafakkir bobomiz tavalludining 200-yilligi YUNESKO doirasida nishonlanadigan xalqaro yubileylar qatoriga kiritildi.
Darhaqiqat, xalqimiz tarixi va adabiyotida oʻchmas iz qoldirgan Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli kelajak avlodlar, adabiyot ixlosmandlari uchun bebaho meros qoldirib ketgan, xalqimiz maʼnaviyatini boyitishga hissa qoʻshgan buyuk soʻz zargari, donishmand shoirlarimizdan sanaladi.
Prezidentimizning maxsus qarori asosida buyuk mutafakkir bobomizning yubileyi mamlakatimizda va xalqaro miqyosda nishonlanib, qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻtkazilgan ochilish marosimida soʻzga chiqqan olimlar Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining har qanday davrda ham oʻz qiymatini yoʻqotmaydigan bebaho asarlari qadri yillar oʻtgan sayin ortib borishini, uning qoldirgan merosi yanada xalqimiz maʼnaviyatini boyitishda xizmat qilishini taʼkidladi.
Ochilish marosimi davomida bir qator olimlar va jamoat arboblariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining “Faxriy yorligʻi” topshirildi. Bundan soʻng sanʼat va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi yigʻilganlar eʼtiboriga havola etildi.