Dolzarb mavzuga bagʻishlangan mazkur kitob Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining Xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha prorektori Bahromjon Mamadiyev, «Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarov hamda kafedra dotsenti, yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova tomonidan yaratilgan.
Oʻquv qoʻllanmaning taqdimot marosimi akademiyada boʻlib oʻtdi. BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tayyorlangan qoʻllanmada respublikada islomda gender tenglik mohiyati, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqida ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bagʻishlangan maqolalar oʻrin olgan. Mazkur kitob bu sohadagi ilk tadqiqot hisoblanadi.
Taqdimotda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha prorektori Bahromjon Mamadiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova, UNFPAning Oʻzbekistondagi vakili Yu Yu, UNFPAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Gender masalalari boʻyicha mutaxassisi Dilora Gʻaniyeva, «Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarov, turli vazirlik va idoralar vakillari, mutaxassislar, akademiya professor-oʻqituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.
Taʼkidlash joiz, qoʻllanmada ayollar masalasining umumijtimoiy jihatlari, ijtimoiytarixiy negizlari, uning madaniymaʼnaviy xususiyatlarini hamda islom taʼlimotida ayollar masalasini hal etishning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, maʼrifiytashkiliy jihatdan oʻziga xosligini huquqiy nuqtayi nazardan tadqiq etilgan. Shu bilan birga huquqiy hamda diniy normalarni oʻz ichiga olgan islom huquqining tuzilishini inobatga olib, tadqiqotda islomda ayol huquqlarini islom huquqining asl manbalari Qurʼoni karim va hadislar asosida ochib berishga harakat qilingan.
Shuningdek, kitobda islom huquqida ayol masalasini fuqarolik huquqi, oila huquqi, siyosiy huquq nuqtayi nazaridan hal etishning ijtimoiyiqtisodiy, maʼnaviyaxloqiy asoslari keng tadqiq etilib, islom huquqi normalarida oilaviy munosabatlarga kirishishdagi ayollarning huquqlari, mahrga oid huquqlar, nafaqa, meros taqsimotidagi ulushlari hamda siyosiy huquqlari islom huquqining asosiy manbalari orqali yoritib berilgan.
“Islomda gender tenglikning oʻziga xos tamoyillari” kitobi haqida taqdimot davomida yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova tomonidan tadbir ishtirokchilariga batafsil maʼlumot berildi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan soʻnggi yillarda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy muhofaza qilish borasida qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ularning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Kitob taqdimoti boʻyicha yigʻilganlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtishdi.
Taqdimot yakunida mualliflar tomonidan mazkur oʻquv qoʻllanmadan Akademiya talaba-magistrantlari, Malaka oshirish markazi tinglovchilari turli oʻquv kurslarida foydalanishi tavsiya etildi.
Munojat Moʻminova