Soʻnggi ikki yilda poytaxt Toshkent shahrida oʻz filialini ochgan qardosh yurt ishbilarmonlari endilikda Buxoroda davlat xususiy sherikligidagi “AKSA ENERJY BUKHARA” korxonasiga asos solish niyatidalar. Mazkur loyiha menejerlari Murad Ustel hamda Algan Sarachoʻgʻli boshchiligidagi delegatsiya vakillari viloyatda ularga taklif etilgan hudud, mahalliy iqlim sharoiti, mavjud infratuzilma bilan yaqindan tanishgan holda aynan viloyatimizda qurilishi loyihalashtirilgan 270 megavatt kuchlanishga ega issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga investitsiya kiritishga qaror qilishgan.
Shu maqsadda “AKSA ENERJY” kompaniyasi rasmiylari viloyat hokimi Botir Zaripov qabulida boʻldilar. Muloqotda xorij delegatsiyasi tomonidan qiymati 150 million AQSH dollariga moliyalashtirilayotgan loyihaning afzallik jihatlari xususida soʻz bordi. Muhimi, hudud infratuzilmasini yana-da yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bu tashabbus tufayli yuzga yaqin mahalliy fuqaro doimiy ish bilan taʼminlanadi.
Muzokarada viloyat hokimi B.Zaripov chet el investorlariga viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti haqida batafsil axborot berib, mazkur loyiha istiqboliga ishonch bildirdi.
Moliyaviy jihati hal qilingan loyiha amaliyoti uchun turkiyalik sarmoyadorlarga Buxoro tumanidan talab qilinganidek, 6 gektar yer maydoni taklif etilgan. Oʻrganishlardan soʻng tuman hokimligi yer maydonini rasmiylashtirish bilan bogʻliq tashkiliy ishlar, xorijiy ishbilarmonlarga munosib shart-sharoitni yaratib berishni oʻz zimmasiga oldi. Xuddi shunday, tanlangan yerda issiqlik elektr stansiyasi barpo etish uchun dastlabki infratuzilma — muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, jumladan, 20 kilometr masofadan tabiiy gaz, 5 kilometr masofadan suv quvurini tortishga qaror qilingan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati