Bu yil investitsiya dasturi doirasida 1 ming 637 ta infratuzilma obyektini qurish belgilangan.
Lekin soha yoki hudud rahbarlari byudjet mablagʻlarini samarali ishlatish, qurilishlar sifatini taʼminlash boʻyicha namuna boʻladigan tizim yaratmagani qayd etildi.
Qurilishlarga ajratilgan byudjet mablagʻlarini maqsadsiz ishlatish, talon-taroj va oʻgʻrilik holatlari koʻrsatib oʻtildi.
Ayrim quruvchi tadbirkorlarning yashirin ishlashiga yoki bunday ishlashga majbur qiladigan shart-sharoitlar borligi taʼkidlandi.
Masalan, bugungi kunda loyiha tashkilotlari obyekt qiymatini imkon qadar “shishirishga” harakat qilayotgani qayd etildi. Sababi, loyiha qancha qimmat boʻlsa, loyihachi shuncha koʻp pul oladi.
Shu bois, aksariyat loyihalarda keraksiz xizmatlar, ortiqcha hashamat qoʻshib kiritilmoqda.
Masalan, 2023-yilda loyihalarda 3 trillion soʻmlik bunday keraksiz xarajatlar oldi olindi.
Aksincha, iqtisod qilishga kelganda, quruvchilarning ish haqi va asosiy qurilish materiallari narxi bozordan past narxlarda hisoblanmoqda.
Bularning hammasi quruvchi-pudratchilarni “obnal” va “oʻgʻirlik” qilishiga, sifatsiz qurilish materiallarini ishlatishiga sharoit yaratayotgani, “yashirin” qurilish materiallari bozori vujudga kelgani qayd etildi.
Hokim va prokurorlar vaziyatga eʼtiborsizligi qattiq tanqid qilinib, ularning bu boradagi qatʼiy javobgarligi belgilandi.