Turli voqea-hodisalarga boy 2020 yil yakuniga etib, yangi — 2021 yil boshlanishiga sanoqli kunlar qolganida davlatimiz rahbari “Humo” sport arenasida mamlakatimizning ilg'or yoshlari bilan uchrashuvida juda katta salohiyat, kuch-qudrat egalari bo'lgan yigit-qizlarga qarata: “Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda, sizlarning g'ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko'nglim tog'day ko'tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O'zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida yuksak qadrlayman”, dedi.

Prezidentimizning “O'z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o'tmasin! YOshlik — umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim — o'tda yonmaydigan, suvda cho'kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!” degan yoniq so'zlari mamlakatdagi yoshu qarini ilhomlantirdi. Ayniqsa, 2021 yilning yurtimizda “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilingani ertamiz egalarining salohiyatini namoyon etish borasidagi sa'y-harakatlarga yangicha kuch bag'ishlashi, shubhasiz.

YAngilanayotgan dunyoda turli-tuman sohalarning ilm-fan bilan bog'liqligi yangi bosqichga chiqmoqda. SHu bilan birga, ish faoliyati va biznes yuritish tizimlari ham o'zgarmoqda. Dunyoda yangi fanlar paydo bo'ldi. Ular mamlakatimiz hayotiga ham kirib kela boshladi. Kishilararo munosabat va biznesda yangi qonuniyatlar paydo bo'ldi. SHuningdek, muvaffaqiyatli ish yuritish va ilg'orlardan bo'lish uchun bir emas, bir qancha fanlarni egallash zarurati yuzaga keldi.

O'tgan yili yoshlar o'rtasida eng yaxshi ilmiy ishlanmalar uchun umumiy qiymati 30 milliard so'mdan ortiq bo'lgan “YOsh olimlar” innovatsion loyihalar tanlovi e'lon qilingan edi. Mazkur tanlov o'zining ijobiy tomonlarini namoyon qilgani uchun bu yil vazirligimizga boshqa davlat organlari bilan birga o'quvchi va talabalar o'rtasida “Bo'lajak olim” tanlovini tashkil qilish va yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard so'm mablag' yo'naltirish bo'yicha topshiriq berildi. Oila, maktabgacha ta'lim, maktab va oliy ta'limni hamda ilmiy-madaniy dargohlar bo'lg'usi Renessansning eng muhim bo'g'inlari ekaniga e'tibor qaratilsa, Prezidentimizning ushbu taklifi mazkur bo'g'inlarning juda muhim qatlamini — maktab va oliy ta'lim tizimidagi iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan va keng ko'lamli yangilanish jarayonida yoshlarga yaratib berilayotgan yana bir qulaylikka — yoshlar loyihalarining shakllantirilishi, ekspertizasi va joriy qilinishidagi osonlashtirilgan usulga to'xtalib o'tish joiz. YA'ni yoshlarimizni avval o'qitamiz, ko'nikma hosil qilamiz, ish joyi bilan ta'minlaymiz, mablag'ini beramiz. SHu tariqa ravnaq topishi uchun kerakli bo'lgan barcha imkoniyatlarni taqdim qilamiz. 

YAqindan buyon qo'llana boshlagan “akselerator” so'zi startaplarni qo'llab-quvvatlovchi ijtimoiy institutlarni anglatadi. Prezidentimizning yoshlar loyihalarini qo'llab-quvvatlash, yoshlar texnoparklari tashkil qilish ko'lamini kengaytirish, yoshlar murojaati platformasini yaratish kabi takliflari aynan akseleratsiyaning mamlakat miqyosidagi zamonaviy, dolzarb echimlarini o'zida mujassam etdi.

Akseleratorlar — xo'jalik yuritish ob'ektlarining kapitalida ishtirok etish evaziga startaplar uchun mentorlik, ta'limiy, moliyaviy va ekspert qo'llab-quvvatlovini ta'minlaydigan samarali tizim hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimiz poytaxti va hududlarda yo'lga qo'yilayotgan startaplarning rivojlanishi uchun yoshlardan iborat juda katta salohiyatni “1+1” tamoyiliga ko'ra, ijtimoiy faoliyat va ishlab chiqarishga yo'naltirish muhim ahamiyatga ega.

“Akselerator” “tezlashtirish” ma'nosini ham ifodalagani uchun bu jarayon yoshlarning tadbirkorlik, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish sohalariga, qolaversa, zamonaviy tarmoqlardan tortib ilm-fangacha integratsiyasini jadallashtirishga xizmat qiladi. O'tgan yili dekabr` oyining uchinchi o'n kunligida rasman ish boshlagan Sirdaryodagi “Biznes akselerator” o'quv-amaliy markazi yoshlarda muhandislik ko'nikmalarini shakllantirish va innovatsion faoliyatga qiziqish uyg'otish, ularni ish bilan ta'minlash, shuningdek, hududning ijtimoiy holatini yaxshilash uchun xizmat qilishiga ishonamiz.

Markazning asosiy vazifalaridan biri – zamonaviy axborot va innovatsion texnologiyalar bo'yicha o'quv kurslari tashkil etish. Bu jarayonga yuqori malakali mutaxassislar jalb qilinib, ta'lim mobaynida zamonaviy axborot va innovatsion-pedagogik texnologiyalardan foydalaniladi. Akseleratorda yoshlarga biznes g'oyalarni shakllantirish, ularni amalga oshirish va yuritish qoidalari o'rgatiladi. SHuningdek, mazkur markaz Sirdaryo viloyatida kichik tadbirkorlik sub'ektlarini tashkil etishga ko'maklashib, ularga marketing sohasi bo'yicha bilim beradi. Kichik tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda venchur fondlarini jalb qilish bo'yicha ham amaliy yordam ko'rsatadi. O'quv kurslarini tamomlagan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish uchun investorlarni jalb qilishiga ko'maklashiladi, ularning faoliyati qo'llab-quvvatlanadi.

Vazirlar Mahkamasining o'tgan yili 22 maydagi qaroriga binoan yurtimizning har bir hududida bosqichma-bosqich YOshlar texnoparklari tashkil etilishi belgilangan. Texnoparklarda faoliyat yurituvchi iqtidorli yoshlar jamoasini shakllantirish maqsadida “TexnoBus” texnologik mobil` ta'lim platformasi ishga tushirildi. Ushbu ko'chma ta'lim platformasi orqali, karantin qoidalariga rioya qilgan holda, mamlakatimizning turli viloyatlaridagi yoshlar robototexnika va elektronika, 3D prototiplashtirish, dasturlash, VR/AR va boshqa interaktiv yo'nalishlar tanishtirilmoqda. SHu kunga qadar “TexnoBus” texnologik mobil` ta'lim platformasi yurtimizning bir nechta chekka hududida bo'lib, qiziquvchi yoshlarni yig'ish va ular hayotiga texnologiyalarning kirib borishiga erishdi.

O'quvchi-talabalar, tadqiqotchilar, umuman, ilmga chanqoq iqtidorli yoshlarning innovatsiya, startap, texnologiya, dasturlash bo'yicha bilimini oshirish, shuningdek, loyihalar ishlab chiqish hamda tijoriylashtirish ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida TechnoWays texnologik rivojlanish marafoni tashkil etildi. Mazkur marafonning birinchi mavsumi Toshkent shahrida o'tkazilgan bo'lsa, ikkinchi mavsumi Sirdaryo, Andijon va Samarqand viloyatlaridagi yoshlarni qamrab olib, favqulodda iqtidorlilarni ro'yobga chiqarishga xizmat qildi. Marafonning uchinchi bosqichini Qoraqalpog'istonda o'tkazishni rejalashtirdik.

Xalqaro tajribaga ko'ra, iqtisodiy o'sishda ilmiy loyihalar bilan bir qatorda startap loyihalarni rivojlantirish ham katta ahamiyatga ega. Rivojlangan davlatlarning startap loyihalarni takomillashtirish va startap kompaniyalar tashkil etish borasidagi bir qancha ishlarini misol qilib keltirish mumkin. Xususan, bu sohaga 2019 yilda AQSH 158, Xitoy 110, Hindiston 27, Buyuk Britaniya 23 va Isroil 18 milliard AQSH dollari sarflagan. Ushbu mablag'lar hisobiga birgina 2019 yili AQSHda 7568 ta, Buyuk Britaniyada 1570 ta, Xitoyda 1505 ta va Hindistonda 798 ta yangi startap loyiha amalga oshirilgan.

O'zbekistonda startap loyihalarni rivojlantirish va bu orqali respublikaning jahon startap bozoridagi nufuzini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, startap loyihalarni qo'llab-quvvatlash jarayonida ularni boshlang'ich bosqichda moliyalashtirish muhim hisoblanadi. Ko'plab rivojlangan davlatlarda bu bosqichda davlat tomonidan kichik grant mablag'lari yo'naltiriladi va kam mablag' sarflab, loyihalarning barqarorligi aniqlanadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg'or texnologiyalar markazida ikki yil davomida iqtidorli yoshlarning tabiiy fanlar sohasidagi g'oyalarini tijoriylashtirish va rivojlantirish maqsadida C.A.T. Science Accelerator — ilmiy loyihalar startap-akseleratori dasturi o'tkazib kelinmoqda. Bu yil ham ushbu dasturda yuzdan oshiq yoshlar turli qiziqarli loyihalari bilan qatnashdi. Ular orasidan o'ttizga yaqin eng qiziqarli loyiha saralab olindi. O'n ikkita jamoa C.A.T. Science Accelerator finaliga o'z ilmiy startap loyihalarini taqdim etdi. Akselerator faoliyati davomida jamoalar turli seminar va treninglarda ishtirok etib, biznes asoslari, soliqqa tortish tizimi, biznesni rejalashtirish, korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli, investorlar oldida chiqish uchun taqdimot tuzish asoslari kabi mavzular bo'yicha malaka oshirdi. endi akseleratorning har bir jamoasi mustaqil ravishda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan startap loyihalar tanloviga hujjat topshiradi. Jamoalarning biznes rejalari Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlov komissiyasi tomonidan alohida baholanadi va moliyalashtirishga tavsiya etiladi.

Davlatimiz rahbari ta'kidlab o'tganidek, ushbu hayotbaxsh tadbirlar va keng ko'lamli ishlar mamlakatda keng qanot yoygan besh muhim tashabbusning hayotga joriy qilinishi doirasidagi yaratuvchanlik jarayonining yorqin misoli, yoshlarni qo'llab-quvvatlash va ilhomlantirishning yana bir mexanizmidir.

Ibrohim ABDURAHMONOV,

innovatsion rivojlanish vaziri, akademik