Hamkorlik masalalarini yanada kengaytirish maqsadida oʻtkazilgan uchrashuvda ham dastlab IT Parkning yangi qurilayotgan majmuasi va “Astrum” IT akademiyasi faoliyati haqida taqdimot oʻtkazildi. Unda AKT sohasining infratuzilmasi tubdan yangilanayotgani, bu esa dunyodagi katta IT kompaniyalarni jalb etib, IT Parkni yaxlit kompleks tarzda rivojlantirish, IT vakillari uchun qulay muhit yaratish maqsad qilinayotgani tushuntirildi.

Shundan soʻng AKT vaziri Elchini IT Parkning yangi qurilayotgan majmuasi bilan tanishtirdi.

Bu yerda yoshlarni yetakchi xorijiy kompaniyalarga masofadan turib xizmat koʻrsatish kasbiga, yaʼni autsorsing (BPO va KPO) xizmatlarini koʻrsatishga oʻrgatish, xorijning yetakchi IT kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etish, mamlakatni mintaqaviy IT markazga aylantirish maqsad qilingani aytib oʻtildi.

Jumladan, AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasida IT sohalarida hamkorlik yangi bosqichga chiqayotgani, AQSH yetakchi kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etish, shuningdek, masofaviy xizmatlar koʻrsatish autsorsing (BPO va KPO) markazlarini tashkil etishda asosiy hamkor boʻlayotgani taʼkidlandi.

Tanishtiruv jarayonida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyumga Amerikaning IT kompaniyalarini Oʻzbekistonda mintaqaviy ofislarini ochishni taklif etdi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.