Tomonlar Oʻzbekistonda malakali IT-kadrlar tayyorlash va isteʼdodlarni rivojlantirish, shuningdek, IT sohasida yangi ish oʻrinlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar.

“EPAM Systems” rahbari Oʻzbekistonda yoshlarga sifatli taʼlim beradigan va axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar tayyorlaydigan onlayn-universitet ochishni tez orada amalga oshirishga kirishish istagini maʼlum qildi.

AKT vaziri Sh. Shermatov, oʻz navbatida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda IT-Park ushbu universitetni ochish boʻyicha EPAM Systems bilan hamkorlikni boshlashga va loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun har tomonlama koʻmak berishga tayyor ekanligini taʼkidladi.

Vazir Oʻzbekistonda xalqaro miqyosda tajribaga ega dasturchilar yetishmayotganligiga toʻxtalib oʻtdi. Shu sababdan mavjud vaziyatni oʻzgartirish hamda ularning sonini koʻpaytirish maqsadida xorijiy davlatlardan mutaxassislarni mamlakatga jalb qilish rejalashtirilyapti. Ular, oʻz navbatida, 3-5 yil mobaynida mahalliy ishlab chiquvchilarni zarur koʻnikmalar bilan taʼminlashi hamda oʻzaro tajriba almashinilishi koʻzda tutilgan. Vazir, shuningdek, xorijiy mutaxassislarning Oʻzbekistonda faoliyat olib borishi qulay boʻlishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini alohida taʼkidladi.

Xususan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xorijlik IT-mutaxassislarni koʻchirish jarayoni uchun quyidagi qulayliklarni taqdim etadi:

– Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlish doirasida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish, IT-vizani rasmiylashtirish va taqdim etishda yordam koʻrsatish;

– Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlish doirasida ijaraga beriladigan uy-joy topish va taqdim etishda koʻmaklashish;

– oila aʼzolarini (yaqin qarindoshlarini) taʼlim muassasalarida (bolalar bogʻchasi, maktab va boshqalar) joylashtirish;

– tarmoq va aloqa vositalari (mobil aloqa, Internet va boshqalar) bilan taʼminlash;

– Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistik sayohatlarni tashkil etish.

Arkadiy Dobkin, shuningdek, yaqin bir necha yil ichida Oʻzbekistonda EPAM tizimlarini eng keng miqyosda rivojlantirish niyatida ekanligini taʼkidladi. Unga koʻra, ayrim mamlakatlarda kompaniyaning toʻliq rivojlanishi uchun 10 yil sarflangan, Oʻzbekistonda esa bu 3-5 yil ichida sodir boʻlishi mumkin.

Bundan tashqari, tomonlar Oʻzbekistonda har yili oʻtkaziladigan “EPAM Global” konferensiyasini tashkil etish, uning doirasida EPAM Systems kompaniyasining yetakchi mutaxassislari uchun Oʻzbekistonda ishlash uchun sharoit va imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida IT-tur oʻtkazilishiga toʻxtaldilar, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.