AKT vaziri IT Parkning qurilishi doirasida aniq vazifalar belgilab berdi

    Mamlakatimizda 23 Yanvar 2022 1093

    22-yanvarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov poytaxtimizdagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga bordi.

    Xabaringiz bor Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 11dekabrda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining qurilish jarayonini borib koʻrgan edi.

    Davlatimiz rahbari qurilish jarayoni bilan tanishgan vaqtda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda uning tizimidagi quyi tashkilotlarni shu yerga koʻchirib, bank va IT-kompaniyalarni jalb etib, texnoparkni yaxlit kompleks tarzida rivojlantirish, soha vakillari uchun qulay muhit yaratish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi..

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan topshiriqlarning qanday bajarilayotgani, bu erda yangi qurilayotgan zamonaviy majmua qurilishlarning holati bilan tanishib, olib borilayotgan ishlarni tezlashtirish va sifatini yanada yaxshilash boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

    Maʼlumot uchun:

    Bugungi kunda 20-25 qavatli 6 ta ofis binosi qad koʻtargan. Konferensiya zali qurilishi yakuniy bosqichga kirgan.

    Bu yerda jami 17 ta imorat barpo etiladi. Ular 9 balldan yuqori zilzilaga chidamli boʻladi.

    Texnologik parkda IT-tashkilotlar, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi oʻzaro uzviy faoliyat olib boradi. Majmua hududida xizmat uylari, mehmonxona, kafe va restoranlar, doʻkonlar, sport maydoni, dam olish joylari ham boʻladi. Yer ostida 3 qavatli avtoturargoh quriladi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.