Soʻnggi yillarda Janubiy Koreyalik mutaxassislarning mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish borasidagi islohotlarda faol ishtirok etayotgani, elektron hukumat va IT taʼlim sohasidagi yirik loyihalarni joriy etishda bevosita hamkorlik qilayotgani oʻzaro hamjihatlik va ishonchning yuksakligidan dalolat beradi.
Boʻlib oʻtgan uchrashuv doirasida Oʻzbekiston va Koreya orasidagi AKT sohasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, jumladan Koreyadagi va Oʻzbekistondagi demografik trendlardan kelib chiqib, Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda IT va BPO xizmatlari eksportini rivojlantirish, Oʻzbekistondagi yoshlarni AKT sohasiga kengroq jalb qilish hamda yuqori maoshli ish bilan taʼminlash kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.