Unda Qoʻmita aʼzolari, Ekspertlar guruhi vakillari, tegishli vazirlik, idoralar rahbar va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar, shu jumladan, “Korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Qonun korporativ boshqaruvni takomillashtirish va davlatning xoʻjalik jamiyatlaridagi xususiy ishtirokchilar (aksiyadorlar) bilan teng ishtirokini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, rivojlangan xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasi va Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining (IHTT) tavsiyalari asosida tayyorlangan.
Jumladan, qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysiga Markaziy bankda ham hisob varaq ochib, qimmatli qogʻozlarning uyushgan savdosida qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar natijalari boʻyicha pul mablagʻlarining hisob-kitoblarini amalga oshirish huquqi berilishini koʻzda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga oʻzgartish kiritiladi.
Fuqarolik kodeksiga unitar korxonani boshqarish organi sifatida kuzatuv kengashini joriy etish mumkinligini nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritilyapti. Ushbu normaning amalga joriy etilishi unitar korxona va uning egalari manfaatlari yoʻlida faoliyat yuritilishini hamda korxona rahbari ustidan samarali nazorat oʻrnatilishini taʼminlaydi.
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonundan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi (“oltin aksiya”) bekor qilinyapti, uning bekor qilinishi yirik salohiyatli investorlarning xususiylashtiriladigan korxonalarga boʻlgan qiziqishini kuchaytirishga ijobiy taʼsir qiladi.
Shuningdek, korxonalarni oʻrta va uzoq muddatli (3-5 yillik) rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishini taʼminlash orqali ularni korporativ boshqarishning samaradorligini oshirish maqsadida “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda ijroiya organi va kuzatuv kengashi aʼzolari vakolatlari muddatini bir yildan uch yilgacha uzaytirish belgilab qoʻyiladi.
Qonun davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarishda korporativ boshqaruvning ilgʻor tajribasini joriy etish orqali ular samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi hamda qimmatli qogʻozlar bozorining asosiy infratuzilma obyekti hisoblangan Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi faoliyati takomillashtirilishini taʼminlaydi.
Muhokamalar natijasi yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.