Suhbat davomida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlari va xizmatlar ko‘rsatishda xavfsizlik va gigiena bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan amaliy choralar muhokama etildi.
Dastur oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish milliy tizimini rivojlantirish, oziq-ovqat sanoati xodimlarini zamonaviy xavfsizlik standartlariga o‘rgatish, tibbiyot, turizm va transport xizmatlari darajasini yuksaltirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini joriy etish, infratuzilmani modernizatsiyalash, kasb-hunar ta'limi tizimini takomillashtirish va boshqa bir qator yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Loyihani amalga oshirish mamlakatimizning yetakchi kompaniyalariga xizmat ko‘rsatish, yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi, bu esa ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmiga va ichki va tashqi bozorda xaridorgir sifatli mahsulotlarni eksportga yetkazib berishga multiplikativ ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga tayyorligini bildirib, mas’ul rahbarlar va loyihani amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq choralarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.