Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar qildi.

Maʼlum qilinishicha, tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan “Alhadaya” BFQ reklamasi qoʻmita tomonidan oʻrganilgan.

Olib borilgan tahlillar natijasida reklama materiallarida taʼsir xususiyatiga ega boʻlmagan iboralar qoʻllangani, BFQ haqida toʻliq maʼlumot berilmagani hamda uning terapevtik samaradorligi va kasalliklarni yengillashtirishi haqida iddaolar ilgari surilgani aniqlandi. Bu holat isteʼmolchilarda mahsulotni dori vositasi sifatida qabul qilish ehtimolini keltirib chiqarishi mumkin.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar reklamasiga qator majburiy talablar belgilangan.

Jumladan, bunday reklama:

  • dori vositasi yoki davolash xossasi borligi haqida taassurot uygʻotmasligi;
  • davolanganlik yoki ahvol yaxshilangani haqida aniq holatlarga havola qilmasligi;
  • jismoniy shaxslarning minnatdorchilik izhorlarini oʻz ichiga olmasligi;
  • sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
  • tadqiqotlar yoki davlat roʻyxatidan oʻtganlikka tayanib, dori vositalariga nisbatan afzallik taassurotini bermasligi;
  • voyaga yetmaganlar uchun taqiqlangan mahsulotlar reklamasida bolalar obrazidan foydalanmasligi;
  • har bir holatda mahsulot dori vositasi emasligi haqida ogohlantirish bilan berilishi;
  • ragʻbatlantiruvchi aksiyalar oʻtkazilmasligi shart.

Yuqoridagi qonun talablari buzilgani alomatlari bilan “ALHADAYA NEW” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatildi. Vakolatli organ Maxsus komissiyasi tomonidan ish koʻrib chiqilib, yakunlariga koʻra moliyaviy jarima qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan majburiy koʻrsatma berilgan.