Uchrashuv avvalida Xitoy korporatsiyasi vakillariga Oʻzbekistonda charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Oʻz navbatida, xorijlik mehmonlar Alibaba platformasining imkoniyatlari haqida taqdimot oʻtkazdi. Shuningdek, Alibaba.com saytida kompaniyalarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha batafsil maʼlumot berishdi.
“Alibaba Group” korporatsiyasining MDH mamlakatlari boʻyicha menejeri Mariya Kadanseva Oʻzbekiston iqtisodiyoti bugungi kunda Osiyoda jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan biri boʻlib, ishlab chiqarish va sarmoyaviy salohiyat, eksport hajmi borasida yuqori natijalarni koʻrsatayotganini taʼkidladi. “Shu sabablarga koʻra biz Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Onlayn platformamizda tayyor charm, charm buyumlar va poyabzallarga talab ortib boryapti. Ayni turdagi mahsulotlar savdosidagi eng yirik xaridorlar uchligida AQSH, Ispaniya va Xitoyni koʻrish mumkin. Yetkazib beruvchilar orasida esa Xitoy va Oʻzbekiston yetakchidir. Mahsulotlarning raqobatbardoshlik darajasi boʻyicha platformada Oʻzbekiston katta ustunlikka egadir. Umid qilamizki, Oʻzbekistonning charm-poyabzal korxonalari bizning platformamizda eng yaxshi savdo natijalariga erishadi”.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoati korxonalarining ommabop onlayn savdo maydonchasiga kirishi eksport hajmini qoʻshimcha 50-80 million dollarga oshiradi. Poyabzal, charm buyumlar, moʻynali kiyimlar eksport geografiyasini kengaytiradi. Ulgurji va chakana savdo korxonalarining 190 ga yaqin xorijiy davlatlarning isteʼmolchilari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri savdo aloqalarini oʻrnatishiga xizmat qiladi.
Ayni vaqtda Alibaba.com Oʻzbekistonning charm-poyabzal va moʻyna korxonalarini roʻyxatga olish va ularning mahsulotlarini joylashtirishni boshladi. Alibaba Group mutaxassislari Oʻzbekistonlik tadbirkorlarga platformadan foydalanish va ishlarni optimallashtirishda texnik koʻmak beradi.
Korporatsiya vakillarining maʼlumotlariga koʻra Alibaba Group Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi eksportni ragʻbatlantirish agentligi bilan kelishgan holda yil oxiriga qadar subsidiya ajratish boʻyicha yana 100 ta kvota ajratadi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.