баннер
24 Apr 2025
21:07

    Aliment miqdorlari qancha ekanini bilasizmi?

    Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam boʻlmasligi kerak.

    Oliy sud axborot xizmati Oʻzbekistonda aliment miqdorlari qancha ekanini eslatib oʻtdi.

    Qayd etilishicha, Oila kodeksiga asosan, aliment miqdorlari quyidagicha belgilanadi:

    1. Voyaga yetmagan bolalar uchun:

    Agar ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining quyidagi miqdorida undiriladi:

    • bir bola uchun — toʻrtdan bir qismi (25%);
    • ikki bola uchun — uchdan bir qismi (33%);
    • uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi (50%).

    Bu miqdorlar taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin.

    Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam boʻlmasligi kerak.

    2. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar uchun:

    • Aliment miqdori sud tomonidan aliment toʻlashi shart boʻlgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli hisobga olinib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.

    3. Er-xotin (sobiq er-xotin) uchun:

    • Aliment miqdori sud tomonidan er yoki xotinning (sobiq er yoki xotinning) moddiy va oilaviy ahvolini hamda taraflarning eʼtiborga loyiq boshqa manfaatlarini eʼtiborga olib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.

    Bu summa qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam boʻlmasligi lozim.

    4. Boshqa qarindoshlar va shaxslar uchun:

    • Qarindoshlar va boshqa shaxslardan voyaga yetmagan bolalar uchun, shuningdek voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslar taʼminoti uchun undiriladigan alimentning miqdori sud tomonidan aliment undirilayotgan shaxsning va aliment olayotgan shaxsning moddiy va oilaviy ahvolini hisobga olib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.

    Aliment miqdorini belgilashda, talab aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxslarning barchasiga yoxud ularning bir nechtasiga yoki faqat biriga qaratilgan boʻlishidan qatʼi nazar, ana shu shaxslar hisobga olinadi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech