Nukus shahrida fuqaro 1 nafar farzandi uchun 2,2 mlrd soʻmlik aliment mablagʻini toʻladi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari boʻyicha Nukus tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor A.B.dan uning sobiq turmush oʻrtogʻining foydasiga bir nafar farzandining taʼminoti uchun u voyaga yetguniga qadar aliment undirish belgilangan.
Ushbu ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Nukus shahar boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan boʻlib, boʻlim davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlariga olib borilgan.
Ijro harakatlari davomida, qarzdor Majburiy ijro byurosi Nukus shahar boʻlimiga kelib, farzandi 18 yoshgacha toʻlgunga qadar toʻlashi lozim boʻlgan aliment pullarini oldindan toʻlash istagini bildirgan.
Shunda davlat ijrosi tomonidan qarzdorga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 808-sonli qaroriga muvofiq farzandi voyaga yetguniga qadar toʻlanishi lozim boʻlgan aliment pullarini oldindan toʻlashi mumkinligi tushuntirilgan va kelgusi 13 (un uch) yil davomida toʻlashi lozim boʻlgan aliment pullari hisoblab chiqilgan boʻlib, u 2 milliard 270 million 812 ming soʻmni tashkil etgan.
Shundan keyin undiruvchi MIB Nukus shahar boʻlimiga kelib, hisoblab chiqilgan 2 mlrd. soʻmdan ortiq aliment pullarini sobiq turmush oʻrtogʻidan olganligini maʼlum qilgan va bu tilxat taqdim qilgan.
Maʼlumot uchun: ushbu aliment uchun toʻlangan summa Byuro tarixida hozircha eng yirik miqdordagi toʻlov boʻlib qolmoqda.








