Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga asosan, aliment miqdorlari quyidagicha belgilanadi.
1. Voyaga yetmagan bolalar uchun:
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-moddasiga koʻra:
Agar ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining quyidagi miqdorida undiriladi:
— Bir bola uchun — toʻrtdan bir qismi (25%)
— Ikki bola uchun — uchdan bir qismi (33%)
— Uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi (50%)
Bu miqdorlar taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam boʻlmasligi kerak.
2. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar uchun:
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 101-moddasiga koʻra:
Aliment miqdori sud tomonidan aliment toʻlashi shart boʻlgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli hisobga olinib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.
3. Er-xotin (sobiq er-xotin) uchun:
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 119-moddasiga koʻra:
Aliment miqdori sud tomonidan er yoki xotinning (sobiq er yoki xotinning) moddiy va oilaviy ahvolini hamda taraflarning eʼtiborga loyiq boshqa manfaatlarini eʼtiborga olib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.
Bu summa qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam boʻlmasligi lozim.
4. Boshqa qarindoshlar va shaxslar uchun:
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 129-moddasiga koʻra:
Qarindoshlar va boshqa shaxslardan voyaga yetmagan bolalar uchun, shuningdek voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslar taʼminoti uchun undiriladigan alimentning miqdori sud tomonidan aliment undirilayotgan shaxsning va aliment olayotgan shaxsning moddiy va oilaviy ahvolini hisobga olib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.