Aliment rekordi ham yangilandi: qarzdor fuqaro 3 nafar farzandiga 1,7 mlrd soʻm aliment toʻladi

    MIB tarixida yirik aliment toʻlovlari - Buxoroda 810 mln soʻm (2020-yil, sentyabr) Toshkent shahrida 800 mln soʻm (2021-yil, iyul) va Andijon viloyatlarida 547 mln soʻm (2024-yil, avgust) miqdorida amalga oshirilgan.

    Fuqaro 6, 4 va 3 yoshdagi farzandlari bilan turmush oʻrtogʻi bilan birga tinch-totuv yashab kelar edi, biroq vaqt oʻtib oʻzaro kelishmovchilik sababli, ular ajrashishga qaror qilishdi.

    Shundan soʻng, fuqarolik ishlari boʻyicha Zangiota tumanlararo sudining sud buyrugʻiga asosan qarzdor D.R. dan, undiruvchi R.R. foydasiga 3 nafar farzandlarining taʼminoti uchun 1/2 qism miqdorida aliment undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati Byuroning Toshkent tumani boʻlimi ish yurituviga kelib tushadi.

    Dastlab, ijro harakatlari davrida, qarzdor D.R. aliment pullarini toʻlashdan boʻyin tovlab yurdi va qarzdorga nisbatan sud tomonidan ham jarima jazosi qoʻllanildi.

    Hattoki, davlat ijrochilari aliment qarzdorligi bartaraf etilmasa, unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi haqida rasmiy ogohlantiriladi.

    Shunda, qarzdor shaxsning yaqinlari unga yordam berishga kirishdi, chunki qarzdor xorij davlatiga davolanish uchun ketishi kerak va unga oʻz navbatida, xorijga chiqish uchun MIB taqiq ham xalaqit berayotgan edi.

    Shundan soʻng, qarzdor shaxs alimentni farzandlarining 18 yoshgacha boʻlgan qarzdorligini oldindan toʻlash istagini bildirdi va MIB davlat ijrochilari 2023-yildan 2039-yilga qadar 3 nafar farzandlarning aliment toʻlovi 1 mlrd. 748 mln. 902 soʻm boʻlishni bildirishdi.

    Vanihoyat, qarzdor shaxs aliment pullarini oldindan, yaʼni farzandlari voyaga yetgunga qadar boʻlgan, jami 1 mlrd. 748 mln 750 ming soʻm aliment pullarini toʻlashini bildirgan va undiruvchiga tilxat asosida topshirilgan.

    Biz ushbu xabar boʻyicha MIB axborot xizmati rahbari bilan bogʻlanganimizda, aliment toʻlovchi shaxsga oid maʼlumotlarni toʻliq ochiqlamadi, bunga tomonlar xohish bildirishmabdi.

    Biroq insayderlar maʼlumotiga koʻra, u ayol kishi va Turkiyaga davolanishi lozim boʻlgan.

    MIB tarixida yirik aliment toʻlovlari - Buxoroda 810 mln. soʻm (2020-yil, sentyabr) Toshkent shahrida 800 mln. soʻm (2021-yil, iyul) va Andijon viloyatlarida 547 mln.soʻm (2024-yil, avgust) miqdorida amalga oshirilgan.