Majburiy ijro byurosi Fargʻona viloyat boshqarmasi qidiruv shoʻbasi inspektorlari farzandini moddiy taʼminotidan boʻyin tovlab yurgan qarzdor otaning uning yashash xonadonidagi quduqdan topishdi.
Gap shundaki, Oltiariq tumanida yashovchi fuqaro Saidjon turmush oʻrtogʻi bilan oilaviy kelishmovchiliklar sabab ajrashib ketadi va ikkinchi tomon farzandini moddiy taʼminlamay qoʻyadi.
Shundan soʻng, ona oʻz huquqidan foydalangan holda farzandi haqqini talab qilib sudga murojaat etadi.
Sud qaroriga koʻra, undiruvchi Zamiraxon foydasiga ikki nafar farzandlari uchun har oyda aliment undirish tartibi belgilanadi.
Sud ijro hujjati Byuroning Oltiariq tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Biroq ota aliment toʻlamay qochib yurgan va qarzdorlik 10 mln soʻmdan ortib ketgan.
Oxir-oqibat unga nisbatan davlat ijrochisi tomonidan qidiruv eʼlon qilindi. Boshqarma inspektorlari hamda huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari hamkorlikda olib borgan qidiruv ishlarida qarzdor Saidjon yashash xonadonidagi yangi kovlanayotgan quduq ichidan topildi.
Qidiruvdagi shaxs belgilangan tartib boʻyicha davlat ijrochisiga topshirildi.