Bu animatsion film Mir Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonida keltirilgan hikoya asosida suratga olinmoqda. Ayni paytga qadar, Navoiyning “Sher bilan Durroj”, “Farhod va Shirin”, “Sabʼai sayyor” asarlari asosida multfilmlar yaratilgan.
Mazkur filmda qahramonlar shakl-shamoyili sharq miniatyura sanʼati, xususan Kamoliddin Behzod ijod namunalari asosida yaratilmoqda. Multfilmni sahnalashtiruvchi rassom Indira Tursimetova.
Ushbu multfilmning premyerasi kelgusi yil Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi munosabati bilan fevral oyida tomoshabinlar hukmiga havola etilishi rejalashtirilgan.
- Maqsadimiz jajji tomoshabinlarimizni buyuk bobokalonimiz Hazrat Navoiy ijodi bilan yana-da yaqindan tanishtirishdan iborat. Ushbu multfilmda xasislik, ochkoʻzlik singari illatlar qoralanadi, aksincha mehr-oqibat, bagʻrikenglik singari insoniy fazilatlar ulugʻlanadi. Biz bundan avval “Sayyoh”, “Avtosarguzashtlar” singari multfilmlarni bolajonlar eʼtiboriga taqdim etganmiz. Mazkur multfilm ham ularga manzur boʻladi, degan umiddamiz, - deydi animatsion film rejissyori Abdulatif Haydarov.