“Sarvi gulning soyasinda soʻldi gul, netmoq kerak?”
“Sarvidin tobut yasab, guldan kafan bichmoq kerak”.
Ushbu satrlar Navoiy va Husayn Bayqaro oʻrtasidagi yozishma. Unda Navoiy malikaning vafoti haqidagi shumxabarni shu tarzda, oʻta ehtiyotkorona usulda shohga yetkazadi. Oqibatda uni yetkazgan choparning boshi omon qoladi. Bu oʻrinda Navoiyning zukkoligi, mahorati, diplomatiyasiga qoyil qolmay iloj yoʻq.
Kuni kecha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida boʻlib oʻtgan ilmiy-adabiy tadbirda ham hazrat Navoiyning ana shunday nodir fazilatlariga eʼtibor qaratildi.
Universitet rektori Komiljon Karimov qutlugʻ sana bilan barchani tabriklab, Alisher Navoiyning faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy maqolalar tanlovida gʻolib boʻlgan talabalarni taqdirladi.
Shundan soʻng universitet professor oʻqituvchilari, talabalarining maʼruzalari tinglandi. Navoiy hayotiga bagʻishlangan koʻrgazmali chiqishlar, “Navoiy diplomatiyasi”, “Navoiy va iqtisod” kabi mavzularda chiqishlar qilindi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi, shoir Aziz Said, “Saodat” jurnali bosh muharriri, shoira Munavvara Usmonova esa Navoiy ijodini oʻrganish, uning bugungi adabiy hayotimizdagi oʻrni mavzuida soʻzladi.
Tadbir yakunida universitetga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan badiiy kitoblar sovgʻa qilindi.
Nargiza ASADOVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi masʼul xodimi