O'zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romani ozarbayjon tilida nashrdan chiqdi. Bu haqda www.azadmedia.az  veb-sayti axborot tarqatdi.

Ozarbayjonlik olim, filologiya fanlari doktori, professor Seyfaddin Rzasoyning mazkur axborot saytida e'lon qilingan maqolasida buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning turkiy xalqlar mumtoz adabiyoti va ijtimoiy hayotida tutgan yuksak o'rni, shuningdek, “Alisher Navoiy” romanining o'ziga xos jihatlari haqida so'z yuritilgan. Maqolada Alisher Navoiy barcha turkiy xalqlarning tengsiz va barhayot siymosi ekanligi, Navoiy timsoli nafaqat o'zbeklar, balki ozarbayjon xalqining ham badiiy-shuuriy ruhini ifodalashi alohida ta'kidlab o'tilgan.

“Roman boshidan oxirigacha milliy xotiraga yo'g'rilgan chaqiriq, turklik ruhining uyg'onishi, o'zlikka qaytish sadolaridan iborat. Shu ma'noda, asarning badiiy tuzilishini tashkil etuvchi barcha unsurlar (obrazlar, syujet, epizodlar, dialoglar, g'oyalar...) bizga o'zbek insoni timsolida turkiy ruhning “dostoni”ni hikoya qiladi. Muallif bu ruhning turklik va islom orqali shakllanganini, turkiy o'zlikning barcha ma'naviy-falsafiy salohiyati islom-turk ruhida jo'shqinlik kasb etganini yorqin badiiy manzaralar bilan aks ettiradi”, - deb yozadi Seyfaddin Rzasoy o'z maqolasida.

“Alisher Navoiy” romanini Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasining bosh ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, dotsent G'olib Sayilov ozarbayjon tiliga tarjima qilgan.  “Fuyuzat” nashriyotida chop etilgan mazkur asar O'zbekiston va Ozarbayjon adabiy aloqalari rivojiga o'ziga xos hissa bo'lib qo'shilishi, shubhasiz!

Ma'lumot uchun, “Fuyuzat” nashriyoti 2024 yilda Isajon Sultonning mazkur romanini turkiyalik tarjimon, filologiya fanlari doktori Sema eynel tarjimasida turk tilida ham nashr qilgan edi.