Har oyda bir marta nashr etiladigan “The Washington Diplomat” gazetasi 120 mingdan ziyod oʻquvchiga ega.
Nashrning taʼkidlashicha, oʻzbek va turkiy xalqlarning buyuk mumtoz shoiri Alisher Navoiy nomi bilan Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Toshkentdagi metro stansiyasi, xalqaro aeroport, mamlakatning hududi kattaligi ikkinchi yirik mintaqasi, shuningdek, Merkuriy sayyorasidagi kengligi 66 kilometr boʻlgan krater atalgan.
Maqola muallifi “1989-yilda oʻzbek xalqining jasorati va intilishlari oʻsha davr uchun imkonsiz boʻlgan narsani amalga oshirdi, yaʼni oʻzbek tili rasmiy davlat tili sifatida eʼtirof etildi. Bu oʻsha paytda sobiq ittifoq tarkibiga kirgan mamlakat uchun tasavvur qilib boʻlmas qadam edi”, deb taʼkidlaydi.
Materialda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yil Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi, uning maqsadi buyuk shoir hayotini oʻrganish va merosini ommalashtirishga eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, Navoiy tugʻilgan va uning xoki poki qoʻyilgan Hirot shahridagi (Afgʻoniston) buyuk shoir maqbarasida restavratsiya ishlarini amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlar qilinmoqda.
Materialda taʼkidlanishicha, Alisher Navoiy shaxsi koʻp qirrali boʻlib, u nafaqat shoirlar, olimlar va rassomlarni qoʻllab-quvvatlagan adabiyotshunos sifatida, balki buyuk tasviriy sanʼat ustasi, koʻplab maktablar, kasalxonalar, mehmonxonalar, yoʻllar va kanallar, koʻpriklarning meʼmori sifatida ham nom qozongan.
Nashr, shuningdek, oʻz oʻquvchilarini Navoiy hayoti va ijodi, asarlari bilan batafsil tanishtiradi. Buyuk shoirning gʻazallari va ruboiylarining yuksak tarixiy va madaniy ahamiyatini taʼkidlaydi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.









