Bahodir Sarimsoqov ish faoliyatini 1970 yili O'zRFA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida boshlagan bo'lsa, umrining oxirigacha shu dargohda muqim ishlagan. Dastlab laborant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, fol`klor bo'limining etakchi ilmiy xodimi, shu bo'limning bosh ilmiy xodimi, “Adabiyot nazariyasi” bo'limi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Professor Bahodir Sarimsoqov o'zbek fol`klorshunosligi, mumtoz adabiyoti, adabiyot nazariyasi, atamashunoslik va adabiy jarayonga doir salmoqli tadqiqotlar yaratdi. Jumladan, olimning “O'zbek adabiyotida saj'”, “O'zbek marosim fol`klori”, “O'zbek xalq og'zaki poetik ijodi” kabi asarlari hamda “Fol`klor va adabiyot munosabatlari masalasiga doir”, “Xalq maqollari haqida”, “Alpomish eposi haqida uch etyud”, “Fol`klorizmlar tipologiyasiga doir”, “epik janrlar diffuziyasi” singari maqolalari o'zbek fol`klorshunosligida yangicha nazariy talqinlar sifatida namoyon bo'ladi.
Olimning «Alisher Navoiy poetik sintaksisidagi bir usul xususida», «Alisher Navoiy she'riyatida g'azal-muloqot shakllari», “Alisher Navoiy va she'riy mezonlar masalasi”, “Badiiy ijodning ikki asosi” (O'zbek fol`klorshunosligi masalalari. T.2006.) kabi maqolalarida mumtoz she'riyatimizdagi she'riy kononlar, ularning adabiy jarayonda qaror topishi, Navoiy she'riyatidagi poetik sintaksis va g'azal-muloqot shakllari, badiiy ijoddagi mimises va matezis masalalari o'ziga xos tarzda tadqiq etilgan.
Shuningdek, adabiyotshunoslik nazariyasiga oid “Badiiylik asoslari va mezonlari” asari, “To'rtinchi adabiy tur”, “Adabiy turlar haqida mulohazalar”, “Paremik kechinma tabiati” kabi maqolalari badiiy adabiyotda an'anaviy lirik, epik va dramatik turlardan tashqari paremiya deb ataluvchi to'rtinchi adabiy tur mavjudligini asoslashga qaratilgan.
Olimning adabiy jarayon muammolariga bag'ishlangan “Muhabbatga fido she'riyat”, “Lirikada badiiy tafsil”, “Absurd ma'nisizlikdir”, “Mustaqillik davri o'zbek she'riyati” (davra suhbati), “Hozirgi o'zbek she'riyati taraqqiyot tamoyillari” (e.Ochilov bilan muloqot) kabi maqolalarida adabiy jarayonga doir eng dolzarb muammolar xususida fikr yuritilgan. Uning adabiyotshunoslik ilmidagi yana bir ulkan xizmati “Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o'zbekcha izohli lug'ati” asaridir.
Professor keng ko'lamli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish bilan bir qatorda, respublikamizdagi qator oliygohlarda “Adabiyot nazariyasi” fanidan ma'ruzalar o'qigan. Maktablar, oliy o'quv yurti talabalari uchun darsliklar yaratib, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga ham salmoqli hissa qo'shgan.
Olimning to'rtinchi adabiy tur – paremiya haqidagi qarashlari, Navoiy poetik sintaksisidagi anjambeman hodisasi va g'azal-muloqot shakllariga bag'ishlangan tadqiqotlari ilmiy kashfiyot sifatida yuqori baholangan. YUksak salohiyatli olim, teran mantiqiy tafakkur sohibi bo'lgan B.Sarimsoqov ilmiy asarlari adabiyotshunoslik ilmi uchun ulkan hissa bo'lib qo'shildi. Olim tadqiqotlari o'zbek adabiyotshunosligini yuksaltirish va jahon miqyosiga ko'tarishda o'ziga xos individual qarashlar sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Biz shogirdlar ham ustoz olib borgan ishlarni davom ettirishga, adabiyotimiz, ma'naviyatimiz rivoji uchun o'z hissamizni qo'shishga harakat qilamiz.
Zarina Rahmonova,
SamDU tadqiqotchisi