O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-maydagi PQ-261 sonli qaroriga muvofiq muzeylarda muntazam ravishda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qo‘shimcha xizmatlar joriy etish, madaniy-ma'rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish vazifasi belgilangan bo‘lib, ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 30-iyul kuni soat 18:00 da O‘zbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida "Open Air Fest" loyihasi o‘tkaziladi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
"Open Air Fest" ko‘ngilochar konsert dasturi 30-iyul – “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan ko‘p millatli yurtimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini asrash, milliy madaniyatlar, urf-odat va anʼanalarning o‘ziga xosligini tarannum etish hamda rivojlantirish maqsadida tashkil etishi rejalashtirilgan.