Ma’lum qilinishicha, departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda R.I. ismli shaxs fuqaro Ya.M.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida AQSHga ishlash uchun Meksika davlati orqali aylanma yo‘llar bilan yuborish evaziga 30 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda ham tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan R.P. fuqaro Z.S.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida 3,5 ming dollar va 14 million so‘m evaziga Qo‘shma Shtatlarga borish uchun viza olib berishni va’da qilgan. U fuqarodan 14 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.