AQSH Kongressi tashqi ishlar qo‘mitasidagi Osiyo, Tinch okeani va Markaziy Osiyo bo‘yicha quyi qo‘mitaning hamraisi, Ogayo shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Stiv Chabot Qoraqalpog‘istondagi voqealarning asl sabablari va hukumatning hududdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rgan chora-tadbirlari haqidagi batafsil maʼlumot uchun minnatdorlik bildirdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning keng qamrovli oshkora va ishonchli surishtiruv o‘tkazish bo‘yicha saʼy-harakatlarini olqishlashini taʼkidladi.

Kongressmen Stiv Chabot AQSH Kongressidagi «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» aʼzosi va Markaziy Osiyo bo‘yicha kichik qo‘mitaning hamraisi sifatida Qoraqalpog‘istondagi mavjud vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini va rasmiylarning uni barqarorlashtirish bo‘yicha qilgan saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. «O‘zbekiston AQSHning vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti va ittifoqchisi. Mamlakat ushbu sinovni munosib yengib o‘tishi va islohotlar davom ettirilishiga ishonaman», deb qo‘shimcha qildi kongressmen.

«Yaqinda mamlakat boshiga tushgan ushbu sinov porloq kelajak uchun yangi boshlang‘ich nuqtaga aylanishiga ishonchim komil», - dedi Kongressdagi «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» aʼzosi, 2021 yil oktyabr oyida Amerika qonun chiqaruvchilari delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonda bo‘lgan, Nebraska shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Don Bekon.

O‘zbekiston elchixonasi maʼlum qilishicha, amerikalik kongressmenlar muloqot yakunida AQSH Kongressiga Kongressning barcha senatorlar va kongressmenlar ofislariga tarqatiladigan rasmiy hujjati – «Congressional Record»ni taqdim etishga tayyorligini bildirgan. Ularning fikricha, ushbu rasmiy maʼlumot hududdagi voqealar haqida xolis axborot yetkazish nuqtai nazaridan Kongressning barcha aʼzolari uchun foydali bo‘ladi.

Bundan tashqari, kongressmenlar Qoraqalpog‘iston to‘g‘risidagi maʼlumotlarning ushbu hujjatga kiritilishi Kongress aʼzolari o‘rtasida ushbu masala bo‘yicha hamfikrlikni ifodalashini taʼkidladi.