Temuriylar davri merosi, “Temur tuzuklari”dagi gʻoyalar, arxivlarda saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalar va turli manbalar bugun ham ilmiy izlanishlar markazida turibdi.

Ayniqsa, bugungi murakkab va ziddiyatli dunyoda adolatli davlatchilik, qonun ustuvorligi, kuch va aql uygʻunligi, milliy qadriyatlarga tayangan taraqqiyot kabi masalalar yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda Amir Temur merosi nafaqat oʻtmish haqidagi yodgorlik, balki bugungi kun uchun ham muhim saboq manbai sifatida namoyon boʻlmoqda.

Biz temurshunoslik sohasida faoliyat yuritayotgan olim, siyosiy fanlar doktori, professor Toʻlqin Alimardonov bilan suhbatda aynan shu masalalar xususida fikr yuritdik.

Amir Temur shaxsiga qiziqish nega ortmoqda?

Mutaxassisning taʼkidlashicha, Amir Temur shaxsiga boʻlgan qiziqishning ortishi tasodifiy emas. Bu bir tomondan tarixiy merosga qaytish boʻlsa, ikkinchi tomondan yangi ilmiy yondashuvlar, yangi manbalar va davlatchilikka doir qarashlarning chuqurlashuvi bilan bogʻliq.

Professor Toʻlqin Alimardonov bu haqda shunday deydi:

 

“Salkam yetti asr oʻtgan boʻlsa-da, Amir Temur qoldirgan ulugʻ merosga boʻlgan ehtiyoj kamaygani yoʻq. Aksincha, bugungi notinch dunyoda adolatli davlatchilik, barqarorlik, taraqqiyot va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan boshqaruv tamoyillariga ehtiyoj ortgani sayin, Amir Temur merosiga murojaat qilish ham kuchayib bormoqda”.

 

Uning fikricha, bugun Amerika, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarda ham Amir Temurning davlatchilik taʼlimoti, siyosiy qarashlari va tarixiy faoliyatini oʻrganishga qiziqish ortib bormoqda. Bu esa uning merosi faqat bir millat yoki bir hudud doirasida emas, balki keng sivilizatsion ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi.

 

Mutaxassis ayniqsa bir jihatga urgʻu beradi: inson qadri, adolat va davlat masʼuliyati kabi tushunchalar bugungi kunda yana markazga chiqmoqda. Shu maʼnoda Amir Temur merosi zamonaviy davlatchilik muhokamalarida ham ahamiyatli manbaga aylanmoqda.

 

Davlatchilik taʼlimoti va “Temur tuzuklari”ning ahamiyati

 

Amir Temur merosining eng muhim jihatlaridan biri — uning davlatchilik haqidagi qarashlaridir. Mutaxassis fikricha, “Temur tuzuklari”ni oddiy tarixiy yodnoma sifatida emas, balki oʻz davrining davlat boshqaruv dasturi, davlatchilik konsepsiyasi sifatida baholash kerak.

 

Professor bu haqda shunday deydi:

 

“Amir Temur davlatni adolat bilan boshqarishga jazm etganini taʼkidlaydi. Bu jumla oddiy shior emas, balki butun davlatchilik falsafasining mohiyatidir. Adolat — davlat qudratining asosi, degan qarash u kishining siyosiy tafakkurida markaziy oʻrin tutadi”.

 

Uning taʼkidlashicha, Amir Temur davlatni kuch bilan emas, aql bilan boshqarish gʻoyasiga katta ahamiyat bergan. Kuch aqlga xizmat qilishi kerak, degan tamoyil esa bugungi huquqiy davlat va samarali boshqaruv tushunchalari bilan hamohangdir.

 

Yana bir muhim jihat — munosib kadrlarni tanlash masalasi. Amir Temur aqli, shijoati va salohiyati bilan ajralib turgan shaxslarni davlat xizmatiga jalb etgan. Bu borada mutaxassis quyidagi fikrni bildirdi:

 

“Temur tuzuklarida qaysi insonning aqli va shijoati sinov tarozisida tortilib, boshqalardan afzal ekani aniqlansa, uni yuqori lavozimga tayinlash lozimligi aytilgan. Bugungi til bilan aytganda, bu kadrlar siyosati, salohiyatni baholash va natijadorlikka tayanish tamoyilidir”.

 

Amir Temur siyosati va bugungi davlatchilik oʻrtasidagi uygʻunlik

 

Suhbat davomida Amir Temur davlatchilik anʼanalari bilan bugungi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar oʻrtasidagi maʼnaviy va konseptual uygʻunlikka ham alohida eʼtibor qaratildi.

 

Mutaxassis fikricha, bugun mamlakatda inson qadrini yuksaltirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, mahalla tizimini kuchaytirish, tadbirkorlikka, yoshlarga, ilm-fan va innovatsiyaga keng yoʻl ochish kabi jarayonlar tarixiy davlatchilik anʼanalarimiz bilan maʼlum maʼnoda uygʻunlashib bormoqda.

 

Professor Toʻlqin Alimardonov bu haqda quyidagilarni taʼkidladi:

 “Bizga faqat raqobat va foyda ortidan quvishga asoslangan model emas, insonparvar adolat kerak. Sharq tafakkurida inson qadri har narsadan ustun turgan. Amir Temur davlatchiligida ham shu ruh mavjud boʻlgan. Shu bois bu merosni faqat tarix sifatida emas, maʼnaviy va siyosiy saboq sifatida ham anglashimiz zarur”.

 

Soliq, iqtisod va ijtimoiy adolat haqidagi qarashlar

 

Amir Temur davlat boshqaruvida faqat harbiy yoki siyosiy masalalarga emas, iqtisodiy ragʻbat, soliq siyosati va ijtimoiy muvozanatga ham katta ahamiyat bergan. Mutaxassisning taʼkidlashicha, “Temur tuzuklari”da dehqonchilik, yerni obod qilish, mehnatni ragʻbatlantirish va soliq yukini bosqichma-bosqich belgilash kabi gʻoyalar aniq koʻringan.

 

Uning fikricha, suv chiqmaydigan, tashlandiq yoki toshloq yerlarni oʻzlashtirgan dehqonlarni soliqdan maʼlum muddatga ozod qilish haqidagi gʻoyalar bugungi iqtisodiy imtiyoz va ragʻbatlantirish siyosatining tarixiy ildizlaridan dalolat beradi.

 

Mutaxassis bu haqda shunday deydi:

 

“Bu qarashlarda inson mehnatini qadrlash, uning tashabbusini qoʻllab-quvvatlash va davlat rivoji bilan shaxs manfaatini uygʻunlashtirish gʻoyasi yotadi. Bu esa har qanday zamonaviy davlat uchun ham dolzarb tamoyildir”.

 

Harbiy strategiya va taktikaning hal qiluvchi oʻrni

 

Amir Temurning muvaffaqiyatida uning harbiy strategiyasi va taktikasi alohida oʻrin tutgani shubhasiz. Biroq bu faqat jang maydonidagi jasorat bilan emas, balki chuqur strategik tafakkur, tabiatni anglash, geosiyosiy holatni hisobga olish va aniq rejalashtirish bilan ham bogʻliq boʻlgan.

 

Professor Toʻlqin Alimardonovning taʼkidlashicha, Amir Temur harbiy yurishlarda quyosh, shamol, suv, togʻ, choʻl, oʻrmon kabi tabiiy omillardan mohirona foydalangan. U tabiat bilan uygʻun harakat qilish, gʻanimning kuchli va zaif tomonlarini aniqlash, mafkuraviy bosim oʻtkazish va sipohlarni ruhan tayyorlash kabi omillarni muhim deb bilgan.

 

Suhbatdoshga koʻra, Amir Temur uchun harbiy gʻalaba faqat kuch bilan emas, strategik fikrlash bilan taʼminlangan. U kishi amalsiz koʻp sonli qoʻshindan koʻra, tadbirkor va puxta oʻylangan harakatni ustun qoʻygan. Shu jihat uning sarkardalik mahoratini belgilaydi.

 

Sipohlarning unga boʻlgan ishonchi ham uning muvaffaqiyatida katta rol oʻynagan. Manbalarda Amir Temurning shaxsiy namunasi, qiyin sharoitlarda ham irodasini namoyon etishi qoʻshinni ruhlantirgani qayd etiladi.

 

Temurshunoslikdagi ilmiy yutuqlar va dolzarb vazifalar

 

Suhbatda temurshunoslik sohasida soʻnggi yillarda erishilgan ilmiy yutuqlar haqida ham fikr yuritildi. Mutaxassisning taʼkidlashicha, mustaqillik yillarida Amir Temur merosini xolis va milliy nuqtayi nazardan qayta oʻrganish jarayoni faollashgan. Badiiy, tarixiy, siyosiy, falsafiy asarlar soni koʻpaygan, yangi tadqiqotlar yuzaga kelgan.

 

Shu bilan birga, bu sohada hali qilinishi lozim boʻlgan ishlar ham koʻp. Ayniqsa, turli tillarda saqlanayotgan manbalarni tarjima qilish, ilmiy izohlar bilan nashr etish, yosh manbashunos va matnshunos mutaxassislar tayyorlash dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

 

Professor bu haqda quyidagilarni taʼkidlaydi:

 

“Amir Temur haqida hali tarjima qilinmagan arab, fors, turk va boshqa tillardagi koʻplab manbalar bor. Bu manbalarni oʻrganmasdan turib, Temur shaxsi va uning davlatchilik merosini toʻliq anglab boʻlmaydi”.

 

U, shuningdek, manbalarni tarjima qilishda nafaqat tilni, balki oʻsha davrning tafakkuri, uslubi va tarixiy muhitini his qila oladigan mutaxassislar zarurligini alohida qayd etdi.

 

“Sirli” manbalar va hali oʻrganilmagan qirralar

 

Suhbatning eng qiziq nuqtalaridan biri Amir Temurga oid hali keng jamoatchilikka maʼlum boʻlmagan yoki yetarlicha oʻrganilmagan manbalar haqida boʻldi.

 

Mutaxassisning aytishicha, Amir Temur haqidagi tasavvurlarimizni boyitadigan juda koʻp manbalar hali ilmiy muomalaga kiritilmagan. Xususan, arab muarrixlari, Misr va Suriya olimlari, turk tadqiqotchilari va Yevropa manbalarida saqlanayotgan maʼlumotlar hali ham toʻliq tadqiq etilmagan.

 

Professor Toʻlqin Alimardonov shunday deydi:

 

“Biz Amir Temur haqida hamma narsani bilib boʻldik, deb ayta olmaymiz. Aksincha, hali oʻrganilishi kerak boʻlgan qoʻlyozmalar, tarixiy yodnomalar va tadqiqotlar juda koʻp. Ularni ilmiy jihatdan oʻrganish orqali Amir Temur shaxsining yangi qirralari ochilishi mumkin”.

Uning taʼkidlashicha, tarixiy manbalarni xolis oʻrganish Amir Temur haqida uzoq yillar davomida shakllangan biryoqlama va noholis tasavvurlarni ham qayta koʻrib chiqish imkonini beradi.

 

Bahsli masalalar va toʻliq oʻrganilmagan jihatlar

 

Temurshunoslikda hali toʻliq oʻrganilmagan va ayrim hollarda bahsli boʻlib qolayotgan masalalar ham talaygina. Mutaxassis fikricha, bular qatoriga manbalarni qiyosiy tahlil qilish, gʻarb va sharq tarixchilari talqinini solishtirish, ayrim yurishlar va siyosiy qarorlarning tarixiy mohiyatiga xolis baho berish kabi masalalar kiradi.

 

Shuningdek, Amir Temur davlatchiligi falsafasini bugungi siyosiy nazariyalar, davlat boshqaruvi va geosiyosiy yondashuvlar bilan qiyosiy oʻrganish ham hali keng koʻlamda amalga oshirilmagan.

 

Siyosiy fanlar doktori bu borada quyidagi fikrni bildirdi:

 

“Bugungi kunda bizga Amir Temurni faqat tarixiy shaxs sifatida emas, davlatchilik tafakkuri muallifi sifatida ham oʻrganish kerak. U kishining falsafasini yoshlarga singdirish, uning merosini zamonaviy ilm va davlatchilik nuqtayi nazaridan tahlil qilish muhim”.

 

Yoshlar Amir Temur merosidan qanday saboq olishi kerak?

 

Suhbatning yakunlovchi qismida bugungi yosh avlod uchun Amir Temur merosining ahamiyati haqida toʻxtalindi. Mutaxassisning fikricha, yoshlar bu merosdan, avvalo, jasorat, intizom, vatanparvarlik, strategik fikrlash va masʼuliyat sabogʻini olishi kerak.

 

Mutaxassisni taʼkidlashicha, Yoshlar Amir Temur merosidan shuni anglashi kerakki, buyuklik tasodifan kelmaydi. U intizom, bilim, shijoat, maqsadga sodiqlik va vatanga muhabbat orqali keladi. Tarixiy merosdan faxrlanishning oʻzi yetarli emas, uning mazmunini anglab, hayotga tatbiq eta olish muhim.

 

Mutaxassisning taʼkidlashicha, yangilanayotgan jamiyat oʻz tarixiy merosini qanchalik chuqur bilsa, uning istiqbol taraqqiyoti ham shunchalik mustahkam boʻladi. Shu bois Amir Temur merosini oʻrganish — bu faqat tarixni eslash emas, balki kelajakni anglash demakdir.

 

Amir Temur merosi — bu faqat oʻtmishda qolgan tarix emas. U davlatchilik, tartib, masʼuliyat, adolat va strategik fikrlash haqidagi tirik tajribadir. Bugungi kunda uning shaxsiga qiziqishning ortishi ham bejiz emas. Zero, dunyo adolatli boshqaruv, barqaror taraqqiyot va inson qadrini taʼminlaydigan gʻoyalarga ehtiyoj sezayotgan bir pallada, Amir Temur merosi yanada dolzarb tus olmoqda.

 

Uning davlatchilik falsafasi, “Temur tuzuklari”dagi gʻoyalar, munosib kadr tanlash, kuchni aqlga boʻysundirish, adolatni davlat siyosatining mezoniga aylantirish kabi tamoyillar bugun ham muhim ahamiyatga ega.

 

Eng muhimi, bu meros yosh avlod uchun katta maʼnaviy maktabdir. Chunki Amir Temur siymosida biz faqat sarkardani emas, balki millat taqdiri uchun masʼuliyatni zimmasiga olgan, iroda va tafakkurni birlashtira olgan buyuk davlat arbobini koʻramiz.

 

Shu maʼnoda, Amir Temur merosi — bu tarix emas, saboq. Bu — kechagi shon-sharaf emas, balki bugungi anglash va ertangi taraqqiyot uchun mustahkam poydevordir.

Zulxumor Akbarova