Temuriylar davri merosi, “Temur tuzuklari”dagi gʻoyalar, arxivlarda saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalar va turli manbalar bugun ham ilmiy izlanishlar markazida turibdi.
Ayniqsa, bugungi murakkab va ziddiyatli dunyoda adolatli davlatchilik,
qonun ustuvorligi, kuch va aql uygʻunligi, milliy qadriyatlarga tayangan
taraqqiyot kabi masalalar yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda
Amir Temur merosi nafaqat oʻtmish haqidagi yodgorlik, balki bugungi kun uchun
ham muhim saboq manbai sifatida namoyon boʻlmoqda.
Biz temurshunoslik sohasida faoliyat yuritayotgan olim, siyosiy fanlar
doktori, professor Toʻlqin Alimardonov bilan suhbatda aynan shu masalalar
xususida fikr yuritdik.
Amir Temur shaxsiga qiziqish nega ortmoqda?
Mutaxassisning taʼkidlashicha, Amir Temur shaxsiga boʻlgan qiziqishning
ortishi tasodifiy emas. Bu bir tomondan tarixiy merosga qaytish boʻlsa,
ikkinchi tomondan yangi ilmiy yondashuvlar, yangi manbalar va davlatchilikka
doir qarashlarning chuqurlashuvi bilan bogʻliq.
Professor Toʻlqin Alimardonov bu haqda shunday deydi:
“Salkam yetti asr oʻtgan boʻlsa-da, Amir Temur qoldirgan ulugʻ merosga
boʻlgan ehtiyoj kamaygani yoʻq. Aksincha, bugungi notinch dunyoda adolatli
davlatchilik, barqarorlik, taraqqiyot va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan
boshqaruv tamoyillariga ehtiyoj ortgani sayin, Amir Temur merosiga murojaat
qilish ham kuchayib bormoqda”.
Uning fikricha, bugun Amerika, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Rossiya
kabi davlatlarda ham Amir Temurning davlatchilik taʼlimoti, siyosiy qarashlari
va tarixiy faoliyatini oʻrganishga qiziqish ortib bormoqda. Bu esa uning merosi
faqat bir millat yoki bir hudud doirasida emas, balki keng sivilizatsion
ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi.
Mutaxassis ayniqsa bir jihatga urgʻu beradi: inson qadri, adolat va davlat
masʼuliyati kabi tushunchalar bugungi kunda yana markazga chiqmoqda. Shu
maʼnoda Amir Temur merosi zamonaviy davlatchilik muhokamalarida ham ahamiyatli
manbaga aylanmoqda.
Davlatchilik taʼlimoti va “Temur tuzuklari”ning ahamiyati
Amir Temur merosining eng muhim jihatlaridan biri — uning davlatchilik
haqidagi qarashlaridir. Mutaxassis fikricha, “Temur tuzuklari”ni oddiy tarixiy
yodnoma sifatida emas, balki oʻz davrining davlat boshqaruv dasturi,
davlatchilik konsepsiyasi sifatida baholash kerak.
Professor bu haqda shunday deydi:
“Amir Temur davlatni adolat bilan boshqarishga jazm etganini taʼkidlaydi.
Bu jumla oddiy shior emas, balki butun davlatchilik falsafasining mohiyatidir.
Adolat — davlat qudratining asosi, degan qarash u kishining siyosiy tafakkurida
markaziy oʻrin tutadi”.
Uning taʼkidlashicha, Amir Temur davlatni kuch bilan emas, aql bilan
boshqarish gʻoyasiga katta ahamiyat bergan. Kuch aqlga xizmat qilishi kerak,
degan tamoyil esa bugungi huquqiy davlat va samarali boshqaruv tushunchalari
bilan hamohangdir.
Yana bir muhim jihat — munosib kadrlarni tanlash masalasi. Amir Temur
aqli, shijoati va salohiyati bilan ajralib turgan shaxslarni davlat xizmatiga
jalb etgan. Bu borada mutaxassis quyidagi fikrni bildirdi:
“Temur tuzuklarida qaysi insonning aqli va shijoati sinov tarozisida
tortilib, boshqalardan afzal ekani aniqlansa, uni yuqori lavozimga tayinlash
lozimligi aytilgan. Bugungi til bilan aytganda, bu kadrlar siyosati,
salohiyatni baholash va natijadorlikka tayanish tamoyilidir”.
Amir Temur siyosati va bugungi davlatchilik oʻrtasidagi uygʻunlik
Suhbat davomida Amir Temur davlatchilik anʼanalari bilan bugungi
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar oʻrtasidagi maʼnaviy va
konseptual uygʻunlikka ham alohida eʼtibor qaratildi.
Mutaxassis fikricha, bugun mamlakatda inson qadrini yuksaltirish, qonun
ustuvorligini taʼminlash, mahalla tizimini kuchaytirish, tadbirkorlikka,
yoshlarga, ilm-fan va innovatsiyaga keng yoʻl ochish kabi jarayonlar tarixiy
davlatchilik anʼanalarimiz bilan maʼlum maʼnoda uygʻunlashib bormoqda.
Professor Toʻlqin Alimardonov bu haqda quyidagilarni taʼkidladi:
“Bizga faqat raqobat va foyda
ortidan quvishga asoslangan model emas, insonparvar adolat kerak. Sharq
tafakkurida inson qadri har narsadan ustun turgan. Amir Temur davlatchiligida
ham shu ruh mavjud boʻlgan. Shu bois bu merosni faqat tarix sifatida emas,
maʼnaviy va siyosiy saboq sifatida ham anglashimiz zarur”.
Soliq, iqtisod va ijtimoiy adolat haqidagi qarashlar
Amir Temur davlat boshqaruvida faqat harbiy yoki siyosiy masalalarga emas,
iqtisodiy ragʻbat, soliq siyosati va ijtimoiy muvozanatga ham katta ahamiyat
bergan. Mutaxassisning taʼkidlashicha, “Temur tuzuklari”da dehqonchilik, yerni
obod qilish, mehnatni ragʻbatlantirish va soliq yukini bosqichma-bosqich
belgilash kabi gʻoyalar aniq koʻringan.
Uning fikricha, suv chiqmaydigan, tashlandiq yoki toshloq yerlarni
oʻzlashtirgan dehqonlarni soliqdan maʼlum muddatga ozod qilish haqidagi
gʻoyalar bugungi iqtisodiy imtiyoz va ragʻbatlantirish siyosatining tarixiy
ildizlaridan dalolat beradi.
Mutaxassis bu haqda shunday deydi:
“Bu qarashlarda inson mehnatini qadrlash, uning tashabbusini
qoʻllab-quvvatlash va davlat rivoji bilan shaxs manfaatini uygʻunlashtirish gʻoyasi
yotadi. Bu esa har qanday zamonaviy davlat uchun ham dolzarb tamoyildir”.
Harbiy strategiya va taktikaning hal qiluvchi oʻrni
Amir Temurning muvaffaqiyatida uning harbiy strategiyasi va taktikasi
alohida oʻrin tutgani shubhasiz. Biroq bu faqat jang maydonidagi jasorat bilan
emas, balki chuqur strategik tafakkur, tabiatni anglash, geosiyosiy holatni
hisobga olish va aniq rejalashtirish bilan ham bogʻliq boʻlgan.
Professor Toʻlqin Alimardonovning taʼkidlashicha, Amir Temur harbiy
yurishlarda quyosh, shamol, suv, togʻ, choʻl, oʻrmon kabi tabiiy omillardan
mohirona foydalangan. U tabiat bilan uygʻun harakat qilish, gʻanimning kuchli
va zaif tomonlarini aniqlash, mafkuraviy bosim oʻtkazish va sipohlarni ruhan
tayyorlash kabi omillarni muhim deb bilgan.
Suhbatdoshga koʻra, Amir Temur uchun harbiy gʻalaba faqat kuch bilan emas,
strategik fikrlash bilan taʼminlangan. U kishi amalsiz koʻp sonli qoʻshindan
koʻra, tadbirkor va puxta oʻylangan harakatni ustun qoʻygan. Shu jihat uning
sarkardalik mahoratini belgilaydi.
Sipohlarning unga boʻlgan ishonchi ham uning muvaffaqiyatida katta rol
oʻynagan. Manbalarda Amir Temurning shaxsiy namunasi, qiyin sharoitlarda ham
irodasini namoyon etishi qoʻshinni ruhlantirgani qayd etiladi.
Temurshunoslikdagi ilmiy yutuqlar va dolzarb vazifalar
Suhbatda temurshunoslik sohasida soʻnggi yillarda erishilgan ilmiy
yutuqlar haqida ham fikr yuritildi. Mutaxassisning taʼkidlashicha, mustaqillik
yillarida Amir Temur merosini xolis va milliy nuqtayi nazardan qayta oʻrganish
jarayoni faollashgan. Badiiy, tarixiy, siyosiy, falsafiy asarlar soni
koʻpaygan, yangi tadqiqotlar yuzaga kelgan.
Shu bilan birga, bu sohada hali qilinishi lozim boʻlgan ishlar ham koʻp.
Ayniqsa, turli tillarda saqlanayotgan manbalarni tarjima qilish, ilmiy izohlar bilan
nashr etish, yosh manbashunos va matnshunos mutaxassislar tayyorlash dolzarb
vazifa boʻlib qolmoqda.
Professor bu haqda quyidagilarni taʼkidlaydi:
“Amir Temur haqida hali tarjima qilinmagan arab, fors, turk va boshqa
tillardagi koʻplab manbalar bor. Bu manbalarni oʻrganmasdan turib, Temur shaxsi
va uning davlatchilik merosini toʻliq anglab boʻlmaydi”.
U, shuningdek, manbalarni tarjima qilishda nafaqat tilni, balki oʻsha
davrning tafakkuri, uslubi va tarixiy muhitini his qila oladigan mutaxassislar zarurligini
alohida qayd etdi.
“Sirli” manbalar va hali oʻrganilmagan qirralar
Suhbatning eng qiziq nuqtalaridan biri Amir Temurga oid hali keng
jamoatchilikka maʼlum boʻlmagan yoki yetarlicha oʻrganilmagan manbalar haqida
boʻldi.
Mutaxassisning aytishicha, Amir Temur haqidagi tasavvurlarimizni
boyitadigan juda koʻp manbalar hali ilmiy muomalaga kiritilmagan. Xususan, arab
muarrixlari, Misr va Suriya olimlari, turk tadqiqotchilari va Yevropa
manbalarida saqlanayotgan maʼlumotlar hali ham toʻliq tadqiq etilmagan.
Professor Toʻlqin Alimardonov shunday deydi:
“Biz Amir Temur haqida hamma narsani bilib boʻldik, deb ayta olmaymiz.
Aksincha, hali oʻrganilishi kerak boʻlgan qoʻlyozmalar, tarixiy yodnomalar va
tadqiqotlar juda koʻp. Ularni ilmiy jihatdan oʻrganish orqali Amir Temur
shaxsining yangi qirralari ochilishi mumkin”.
Uning taʼkidlashicha, tarixiy manbalarni xolis oʻrganish Amir Temur haqida
uzoq yillar davomida shakllangan biryoqlama va noholis tasavvurlarni ham qayta
koʻrib chiqish imkonini beradi.
Bahsli masalalar va toʻliq oʻrganilmagan jihatlar
Temurshunoslikda hali toʻliq oʻrganilmagan va ayrim hollarda bahsli boʻlib
qolayotgan masalalar ham talaygina. Mutaxassis fikricha, bular qatoriga
manbalarni qiyosiy tahlil qilish, gʻarb va sharq tarixchilari talqinini
solishtirish, ayrim yurishlar va siyosiy qarorlarning tarixiy mohiyatiga xolis
baho berish kabi masalalar kiradi.
Shuningdek, Amir Temur davlatchiligi falsafasini bugungi siyosiy
nazariyalar, davlat boshqaruvi va geosiyosiy yondashuvlar bilan qiyosiy
oʻrganish ham hali keng koʻlamda amalga oshirilmagan.
Siyosiy fanlar doktori bu borada quyidagi fikrni bildirdi:
“Bugungi kunda bizga Amir Temurni faqat tarixiy shaxs sifatida emas,
davlatchilik tafakkuri muallifi sifatida ham oʻrganish kerak. U kishining
falsafasini yoshlarga singdirish, uning merosini zamonaviy ilm va davlatchilik
nuqtayi nazaridan tahlil qilish muhim”.
Yoshlar Amir Temur merosidan qanday saboq olishi kerak?
Suhbatning yakunlovchi qismida bugungi yosh avlod uchun Amir Temur
merosining ahamiyati haqida toʻxtalindi. Mutaxassisning fikricha, yoshlar bu
merosdan, avvalo, jasorat, intizom, vatanparvarlik, strategik fikrlash va
masʼuliyat sabogʻini olishi kerak.
Mutaxassisni taʼkidlashicha, Yoshlar Amir Temur merosidan shuni anglashi
kerakki, buyuklik tasodifan kelmaydi. U intizom, bilim, shijoat, maqsadga
sodiqlik va vatanga muhabbat orqali keladi. Tarixiy merosdan faxrlanishning
oʻzi yetarli emas, uning mazmunini anglab, hayotga tatbiq eta olish muhim.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, yangilanayotgan jamiyat oʻz tarixiy
merosini qanchalik chuqur bilsa, uning istiqbol taraqqiyoti ham shunchalik
mustahkam boʻladi. Shu bois Amir Temur merosini oʻrganish — bu faqat tarixni
eslash emas, balki kelajakni anglash demakdir.
Amir Temur merosi — bu faqat oʻtmishda qolgan tarix emas. U davlatchilik,
tartib, masʼuliyat, adolat va strategik fikrlash haqidagi tirik tajribadir.
Bugungi kunda uning shaxsiga qiziqishning ortishi ham bejiz emas. Zero, dunyo
adolatli boshqaruv, barqaror taraqqiyot va inson qadrini taʼminlaydigan
gʻoyalarga ehtiyoj sezayotgan bir pallada, Amir Temur merosi yanada dolzarb tus
olmoqda.
Uning davlatchilik falsafasi, “Temur tuzuklari”dagi gʻoyalar, munosib kadr
tanlash, kuchni aqlga boʻysundirish, adolatni davlat siyosatining mezoniga
aylantirish kabi tamoyillar bugun ham muhim ahamiyatga ega.
Eng muhimi, bu meros yosh avlod uchun katta maʼnaviy maktabdir. Chunki
Amir Temur siymosida biz faqat sarkardani emas, balki millat taqdiri uchun
masʼuliyatni zimmasiga olgan, iroda va tafakkurni birlashtira olgan buyuk
davlat arbobini koʻramiz.
Shu maʼnoda, Amir Temur merosi — bu tarix emas, saboq. Bu — kechagi shon-sharaf emas, balki bugungi anglash va ertangi taraqqiyot uchun mustahkam poydevordir.
Zulxumor Akbarova