Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, tezkor tadbir DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan.

Tergovga qadar aniqlanishicha, Afg‘onistonning noma’lum fuqarolari Amudaryo orqali dron yordamida giyohvandlik vositasini O‘zbekiston hududiga o‘tkazishga uringan.

Tezkor choralar natijasida mazkur noqonuniy harakat o‘z vaqtida fosh etildi. Uchuvchisiz uchish apparatiga mahkamlangan 2 kilogramm 32 gramm opiy giyohvandlik moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.