«An Nahar News» gazetasi O‘zbekiston OAVning o‘z yo‘nalishiga ega ekanligini e’tirof etadi

    Saudiya Arabistonining «An Nahar News» gazetasida «Yangi O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari milliy kontentni qanday targ‘ib qilmoqda» sarlavhali maqola e’lon qilindi.

    Muallifning ta’kidlashicha, axborot yadroviy quroldan ham xavfliroq bo‘lishi mumkin, chunki u axloqiy tamoyillar va milliy qadriyatlarni yo‘q qilishga qaratilgan. Axborotga nisbatan milliy immunitetni shakllantirish, mamlakat ichida va uning chegaralaridan tashqarida sodir bo‘layotgan voqyealarni xolisona baholaydigan raqobatbardosh milliy kontent yaratish muhim ahamiyatga egaligi ta'kidlangan.

    Qayd etilishicha, yuqori sifatli milliy kontentning mavjudligi tashqi axborot ta’siridan himoyalanish uchun katta ahamiyatga ega. «Fuqarolar o‘z axborot makoniga ega bo‘lmasa, tashqaridan ma’lumot oladi, bu esa haqiqatning buzilishiga olib kelishi mumkin. Zamonaviy sharoitda milliy kontentni yaratish o‘zlikni saqlash va milliy manfaatlarni himoya qilish uchun hayotiy zaruratga aylanmoqda», - deyiladi maqolada.

    «Ayrimlar milliy kontent yaratishni matbuot ustidan nazorat sifatida qabul qiladi, bu noto‘g‘ri, - davom etgan muallif. - Aksincha, vazifa xolisona, odamlarning dunyoqarashini kengaytiruvchi sifatli kontent yaratishdan iborat».

    Maqolada ta’kidlanishicha, soxta ma’lumotlarning o‘sishi bilan, ayniqsa, sun’iy intellektning rivojlanishini hisobga olgan holda, jurnalistikada ma’lumotlarni tekshirish va ob’ektivlikka ehtiyoj o‘smoqda, deb xabar beradi «Dunyo» AA.

    «O‘zbekiston boy madaniyat va tarixga ega davlat sifatida milliy an’ana va qadriyatlarga mos keladigan kontent rivojlantirishi kerak», - deb yozadi nashr.

    Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoev tashqi tahdidlardan himoyalanish uchun milliy kontent yaratish muhimligini ta’kidlab, jahon voqyealariga milliy manfaatlar prizmasidan baho berish kerakligini e'tirof etgan.

    «Bu borada jamiyatning zamonaviy talablari va ehtiyojlariga javob beradigan sifatli kontent yaratishi lozim bo‘lgan professional jurnalistlarning o‘rni muhimdir. Ma'lumotni tengdoshlariga zamonaviy tilda yetkazib bera oladigan tajribali jurnalistlarni ham, yosh mutaxassislarni ham jalb etish muhim ahamiyatga ega», - deya xulosa qiladi muallif.