Brifingda koronavirus infektsiyasi profilaktikasi borasidagi savollarga javob qaytarildi.
Savol: Bog'cha va maktab xodimlari farzandimiz tez tez shamollovchi toifaga kiradigan bo'lsa, onlayn o'qishni taklif etib yuribdilar. Bolalarning barchasi tez-tez shamollasa, qanday bolalar haqida so'z yuritilmoqda. Immunitetiga bog'liq deyishdi, tushuntirib bersangiz?
Javob: Bolalar kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini (immunitet) homila davrida onadan oladi. Immunitet har bir organizmda individual shakllangan bo'ladi.
Bir yoshgacha bo'lgan chaqaloqlarda esa immunitet ona organizmidan ona suti orqali o'tadi va shuning natijasida bolada tabiiy immunitet hosil bo'ladi. Bu esa bolani turli kasalliklardan himoya qiladi.
Tug'ilgandan so'ng bolada sun'iy immunitet hosil bo'lishi uchun bola profilaktik tarzda emlanadi. Natijada bola organizmida turli xil infektsion kasalliklarga qarshi immunitet paydo bo'ladi.
SHuning uchun birinchi navbatda homiladorlikni rejalashtirishdan avval ona o'z salomatligini tiklashi va sog'lom farzand dunyoga keltirishi uchun qayg'urmog'i kerak. Onaning salomatligi, homiladorlik davrini yaxshi kayfiyatda o'tkazishi bolaning sog'lig'i uchun muhimdir.
1 yoshdan bola kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini o'zi shakllantira boshlaydi. Uning organizmini salomatligiga qarab kasallikka qay tarzda uchrashi va uni kechirishi immunitetiga bog'liq bo'ladi.
Bolada immunitetni qay darajada bo'lishi bir qator sabablarga bog'liq bo'ladi. Jumladan:
✔️ ona salomatligi;
✔️homiladorlikni kechishi;
✔️ irsiy kasalliklar;
✔️bolaning rivojlanishi;
✔️ona suti bilan oziqlanishi;
✔️ turmush tarzi va hokazo.
Immunitetni qay tarzda shakllanganligi bola turli infektsiyaga duch kelganda namoyon bo'ladi, ya'ni u bog'chaga borib boshqa bolalar bilan aloqada bo'lganida.
3 yoshgacha bo'lgan bolalar yiliga 4 martadan ko'p, 3 yoshdan yuqori bo'lgan bolalar yiliga 6 martadan ko'p respirator kasalliklar ya'ni O'RVI (o'tkir respirator virusli infektsiya), gripp, bronxit kabi kasalliklar bilan kasallansalar bunday bolalar tez-tez kasallanuvchi bolalar guruhiga kiradilar.
YAna go'dakda kamqonlik aniqlangan bo'lsa (qonda gemoglobin miqdorining kamayib ketishi) immunitet tizimi ish faoliyatini susaytiradi. Bunday bolalar shifokor nazoratida bo'lishlari va surunkali kasalliklari bo'lsa ularni muntazam ravishda davolatib turishlari zarur.
Savol: Mening farzandim 2 yoshda, juda ko'p kasal bo'ladi. Hozirgi pandemiya davrida bunday kasallanishidan bezovtaman. Bola organizmni chiniqtirish uchun nima qilishim kerak?
Javob: Birinchi navbatda, bolani shifokor-pediatr ko'rigidan o'tkazish kerak.
Uning umumiy ahvoliga qarab maxsus tibbiy tahlillarni topshirish talab etiladi. Misol uchun qon tahlili, peshob va axlat tahlili topshirish shart. Bundan maqsad bolaning ichki a'zolarida yuz berayotgan o'zgarishlarni o'z vaqtida aniqlashdan iboratdir.
Bolalar orasida ko'p uchrab turadigan gijja va uning boshqa turlari immun tizimiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bundan tashqari qon tarkibidagi turli infektsiya qo'zg'atuvchi bakteriyalar ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Buni aniqlamay turib, bolaga to'g'ri davolash usulini qo'llash qiyin.
SHuningdek, bola salomatligini mustahkamlash uchun uning kundalik taomnomasiga to'yimli va kaloriyaga boy mahsulotlardan qo'shish maqsadga muvofiqdir. Jumladan go'shtli va sabzavotli ovqatlar, mevalar, dengiz mahsulotlari, tuxum, vitaminlarga boy tabiiy sharbatlar va sut mahsulotlari bolaning kundalik taomnomasida bo'lishi zarur.
Suv, havo va quyosh vannalari organizmni chiniqtirishda muhim omil hisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, bolalar orasida sog'lom turmush tarzini to'g'ri tashkil etish orqali immunitetni oshirish mumkin.