An'anaviy tizimga yangicha yondashuv

    Bu “Nega hamma kuch mahallaga safarbar etilyapti?” degan savolga ham aniq javobdir.

    Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Islohotlarimiz natijalari, bo'layotgan o'zgarishlar va aholining kayfiyati avvalo mahallada seziladi. SHu ma'noda, “mahalla — jamiyatimizning yorug' yuzi va vijdoni ko'zgusi”, desak, to'g'ri bo'ladi. Shuning uchun barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o'z sohasi bo'yicha mahallalardagi muammolarni o'rganishi va ularga echim topishi, odamlar sezadigan natijani ta'minlashi shart” deb bejiz ta'kidlab o'tmagan edi. Zero, mahalla bu dunyoda kamdan-kam uchraydigan, insonni jamiyat bilan uyg'un bo'lib yashashga o'rgatib, bag'rikenglik ruhida tarbiyalaydigan, xalq bilan davlat o'rtasidagi ishonchli ko'prik vazifasini bajaradigan noyob tuzilmadir.

    So'nggi yillarda mazkur tamoyillarni hayotga tatbiq etishga bo'lgan yondashuv mutlaqo o'zgardi. Pirovardida mazkur milliy institutning davlat va jamiyat hayotida tutgan o'rni yangi bosqichga ko'tarildi. Binobarin, bugun mahallalar nafaqat odamlarni birlashtiradigan, millatlararo hamjihatlikni ta'minlab beradigan, balki fuqarolarning dolzarb muammolari samarali hal etilayotgan maskanga aylanib boryapti.

    U kambag'allikka qarshi kurash, ayollar va yoshlar bandligini hal etishda muhim vositachi, tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash, yangi g'oyalar hamda startaplarni amalga oshirishda zamonaviy akselerator, islohotlarni yurgizishda faol qatnashayotgan drayverga aylanmoqda. O'z navbatida, davlat vertikal boshqaruvining quyi, ammo mustahkam bo'g'ini sifatida maydonga chiqyapti. Bu yo'lda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilgani, 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, har bir hududda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etilgani ham shundan dalolat beradi.

    O'zgarishlarni istasak, hammamiz ongli ravishda o'zgarishimiz kerak

    Mamlakatimizda hayotga tatbiq etilgan mahallabay tizimi hokimiyat organlari va jamoatchilik boshini qovushtirib, aholi manfaatlari yo'lida faoliyat yuritishlariga zamin yaratyapti. eng asosiysi, bunday yaxlitlik umumxalq harakatiga aylanib, joylardagi eng og'riqli nuqtalargacha kirib borib, ularga o'z vaqtida echim topish ko'lamini oshirmoqda.

    Mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idoralar va hokimliklar ishini baholashda bosh mezon sifatida bejiz belgilab berilmadi. O'tgan yildan tumanlar byudjetiga qo'shimcha manbalarning kamida 10 foizini bevosita mahalladagi muammolarni hal etishga sarflash bo'yicha ishlar boshlangani, bu maqsadlarga 70 milliard so'm ajratilgani, ularning vakolati yanada kengaytirilgani ham buning tasdig'idir.

    Yurtboshimiz ham “Har bir uyda, har bir ko'chada madaniyat bo'lishi kerak. Xalqimiz aytganidek, olma pish, og'zimga tush, degan bilan natija bo'lmaydi. Birgalikda harakat qilishimiz zarur. O'zgarishlarni istasak, hammamiz ongli ravishda o'zgarishimiz kerak” deganda aynan mahalladagi islohotlarni nazarda tutgan edi. Zotan, hamma masala avvalo mahallada hal bo'lsagina odamlar rozi bo'ladi. Bu “Nega hamma kuch mahallaga safarbar etilyapti?” degan savolga ham aniq javobdir.

    Murakkab, ammo kafolatli mexanizm

    Mahallabay ishlash tizimi murakkab jarayon bo'lishiga qaramasdan, uning zamirida har bir insonning dardini tinglash, uning qismatini tubdan o'zgartirish, jamiyat taraqqiyotini iqtisodiy o'sishlar bilangina emas, balki aholining o'z hayotidan mamnunligi bilan o'lchash kabi omillar mavjud.

    Mahallabay ishlash bu — barcha soha mutasaddilarining yaqin hamkor bo'lib, mahallalardagi muammolar, aholi turmushidagi muhim masalalarni birgalikda hal etishning yangicha strategiyasidir.

    An'anaviy institut yordamida ishga yangicha yondashuv esa murakkab davrda ham muvaffaqiyatli sinovdan o'tib kelmoqda. Buni birgina 2020 yilda yurtimizda pandemiya bilan bog'liq og'ir vaziyat hukm surganiga qaramay mahallalarning ichki yo'llari, ichimlik suvi va elektr ta'minoti, irrigatsiya tarmog'ini yaxshilash bo'yicha ishlar davom ettirilgani ham tasdiqlaydi.

    Yo'nalishlar aniq, asosiysi ularni amalga oshirish

    Umuman olganda, respublikamizda mahallabay ishlash tizimi quyidagi yo'nalishlarda olib borilmoqda:

    — mahallalarning “o'sish nuqtalari” va “drayver” loyihalarni aniqlash;

    — mahallalardagi mavjud imkoniyatlar, xomashyo resurslari, infratuzilma holati, ishchi kuchining ixtisoslashuvi va sifatidan kelib chiqqan holda, har bir mahallani rivojlantirish yo'nalishlarini ishlab chiqish;

    — ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish yo'nalishlarini belgilash;

    — asbob-uskunalar, mehnat qurollari xarid qilish bo'yicha ta'minotchi korxonalar, joylarda tadbirkorlik va o'zini o'zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo'lgan ishsizlar ro'yxatini tuzish;

    — tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish istagini bildirgan aholiga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratish hamda ular faoliyatini yo'lga qo'yishda har tomonlama amaliy yordam ko'rsatish;

    — bo'sh bino va yer uchastkalarini aniqlash, ulardan samarali foydalanish hamda tadbirkorlik sub'ektlariga berish maqsadida auktsion savdolariga chiqarish choralarini ko'rish;

    — mahallalardagi band bo'lmagan aholini kasb-hunar va tadbirkorlik ko'nikmalariga o'rgatishni tashkil etish orqali ularning bandligiga ko'maklashish;

    — ustoz-shogird an'anasi asosida band bo'lmagan aholini ular yashayotgan tuman (shahar) va mahallada faoliyat ko'rsatayotgan korxonalar hamda hunarmandlarga biriktirish;

    — “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning muammolarini o'rganib, ularga aniq yo'nalishlar (kasb-hunarga o'qitish, ish bilan ta'minlash, tadbirkorlikka jalb etish, moddiy yordam berish) bo'yicha manzilli ko'maklashish;

    — aholini kambag'allikdan chiqarish dasturlarini shakllantirish va ularning ijrosini tashkil etish;

    — ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoitlari yaratish, moddiy, psixologik, huquqiy yordam ko'rsatish bo'yicha aniq amaliy choralarni amalga oshirish;

    — “Besh muhim tashabbus” doirasida yoshlar va ayollarning bandligini ta'minlash hamda bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish choralarini ko'rish;

    — mahallalarda infratuzilma holatini yaxshilash hamda ijtimoiy soha ob'ektlaridan samarali foydalanish yuzasidan takliflar tayyorlash;

    — mahalla pasportidagi mezonlar asosida “qizil”, “sariq” hamda “yashil” hududlarga ajratgan holda, ularni “yashil” hududga o'tkazish choralarini ko'rish shular jumlasidandir.

    Mazkur yo'nalishlardagi ishlarni amalga oshirishda nafaqat vazirliklar, davlat hokimiyati organlari, balki ta'lim muassasalari ham kamarbasta bo'layotgani barchamizni quvontiradi.

    Aniq manzil misolidagi amaliy ishlar

    Keling, fikrimizni aniq manzil — Yashnobod tumanidagi “Besh bola” mahalla fuqarolar yig'ini misolida manzilli ko'rib chiqaylik.

    Mazkur hududning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o'rganish maqsadida Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti mutasaddilari hamda “Besh bola” MFY raisidan iborat ishchi guruh tuzilgan. Uning a'zolari mahalladagi har bir xonadonda yashovchi fuqarolar bilan birma-bir suhbatlashib, aholini qiynab kelayotgan muammolar va takliflar o'rganib chiqilmoqda.

    Murojaatlarning asosiy mazmuni “Temir daftar”, “Ayollar daftari” ro'yxatiga kirish, ishga joylashish, xonadonlarni ta'mirlash borasidagi moddiy qiyinchiliklar, uy-joylarga tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ko'chalardagi ichimlik suvi quvurlarining eskirganligi sababli suv toshqinlaridan zarar ko'rish kabi muammolarni qamrab olgani aniqlandi.

    Qolaversa, ayrim ko'chalardagi aksariyat elektr simyog'ochlari eskirgan, mahallaning bironta xonasi markaziy kanalizatsiyaga ulanmagan. Bolalar sport maydonchasi, bolalar bog'chasi, umumta'lim maktabi, dorixona, poliklinika, oziq-ovqat do'koni mavjud emas. Ijtimoiy muammolardan yana biri esa bu mahalla ikkita temir yo'l o'rtasida joylashgani va temir yo'llarning atrofi maxsus panjaralar bilan to'silmagani bilan bog'liq. Bu esa aholi, ayniqsa, maktab o'quvchilarining hayotiga xavf tug'dirmoqda.

    Mahallada bironta jamoat transportining qatnovi yo'q. Aholi ishga borish uchun o'rtacha 3-4 kilometr yo'lni piyoda bosib o'tishga to'g'ri kelyapti. SHu bois o'rganish davomida “Kadisheva — Qo'yliq” oralig'ida qatnovchi marshrutni mahalla orqali yurishini yo'lga qo'yish maqsadga muvofiq deb hisoblandi.

    Bundan tashqari, “Mahzuna” va “Farg'ona yo'li 7-berk” ko'chalaridagi suv quvurlari eskirib ketganligi oqibatida tez-tez avariya holati uchraydi, ularni ta'mirlash lozim.

    Muammolar qanday bartaraf etilyapti?

    TDIU jamoasi tomonidan bu kabi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar o'rganilib, tahlil qilindi. Ularni hal etish borasida universitetning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, MFY bilan hamkorlikda aniq reja ishlab chiqilib, shu bo'yicha ishlar olib borilyapti.

    Jumladan, mahalla va ko'chalarga ularning nomlari aks ettirilgan peshlavhalar o'rnatildi, zarur joylarga yo'l ko'rsatkich belgilari qo'yildi.

    Mahalla binosida kutubxona tashkil qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, ajratilgan joy ta'mirlanib, mebel jihozlari o'rnatildi. Ko'chalardagi daraxtlar oqlanib, chiqindilardan tozalandi va bu ishlar tizimli ravishda olib borilyapti.

    Mahalla binoning ichki va tashqi fasadlari joriy ta'mirlangan bo'lsa, hududda yashovchi kam ta'minlangan to'rt nafar fuqaro uchun universitet homiyligida Samarqand shahriga sayohat tashkil qilindi.

    Mahalla raisi va faollari bilan “Ayollar daftari”ga kiritilgan 15 nafar fuqaroga moddiy va psixologik yordam ko'rsatildi. Ularni “Ayollar daftari”dan chiqarish uchun tegishli hujjatlar tuman xalq deputatlari kengashiga tayyorlandi.

    Temirni qizig'ida bos

    Umuman olganda, “Besh bola” MFYdagi muammolarni hal etish bo'yicha ishlab chiqilgan “yo'l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini izchil ta'minlashga qaratilgan amaliy sa'y-harakatlar davom ettirilmoqda.

    Muxtasar aytganda, respublikamizning har bir hududi bilan mana shunday manzilli ravishda ish olib borilayotgani, bu o'z samarasini berayotgani ayni haqiqat. Bunda mahallabay ishlash tizimi katta ahamiyat kasb etyapti. U davlat va jamiyatning har bir a'zosida shu yurt taqdiriga daxldorlik tuyg'usini kuchaytirib, yanada faol bo'lishga undayapti. Bu esa har qanday muammoga nisbatan “Temirni qizig'ida bos” degan qat'iy printsip asosida yondashib, uni tezda va oqilona hal etishda katta rol o'ynamoqda.

    Bularning zamirida esa “Mahalla obod bo'lsa — yurt obod bo'ladi. Mahallada o'zgarish bo'lsa — butun jamiyat o'zgaradi” degan yagona ezgu maqsad mujassamdir.

    Mansur ESHOV,

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti prorektori, iqtisod fanlari doktori