– Koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar, aniqrog‘i Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari talon-taroj qilinayotgani bizni tashvishlantirmoqda.
Xususan, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan viloyatlaridagi Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutasaddilari tomonidan umumiy hisobda jamg‘armaning 1 mlrd. 750 mln. so‘mdan ziyod mablag‘i talon-taroj qilingani masalaga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan xalqimiz salomatligini asrash, inqirozdan imkon qadar tezroq va talofatlarsiz chiqish uchun ne-ne mashaqqatlar bilan mablag‘lar jalb etilayotgan bir sharoitda o‘z nafsining quliga aylangan, ayrim kaltabin mansabdorlar tomonidan korruptsiyaga ko‘l urilayotganini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.
Yuqorida aytib o‘tilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etishga biz ham birdek mas’ulmiz. Nazoratni qattiq olib borishimiz, ijro organlariga qat’iy talablar qo‘yishimiz kerak.
Yaqinda katta umidlar bilan tashkil etilgan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bu borada o‘rganishlar, tahlillar olib borib, tizimda korruptsiyaga olib keluvchi sabab va omillarni bartaraf etish bo‘yicha asosli takliflar bilan chiqishi kerak. Senatning Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Agentlik bilan birgalikda bu borada aniq hamkorlik rejasini ishlab chiqishi lozim.
Korruptsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashi raisi sifatida bir narsani aniq aytishim mumkin, endilikda korruptsiya masalasidagi ishlarimiz tizimli, aniq maqsadga yo‘naltirilgan va albatta, murosasiz bo‘ladi.
Shuningdek, tizimda jamoatchilik nazorati samaradorligi past. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun ishlamayapti. Qolaversa, kambag‘allikni belgilash va uni tizimli ravishda qisqartirish borasida yaxlit qonunga ehtiyoj bor. Imkon qadar qisqa muddatlarda shu masalalarni hal qilmas ekanmiz noroziliklar davom etaveradi. Hukumatning mutasaddi a’zolaridan ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratishni so‘raymiz.