Ish jarayonida joylardagi korxonalar va obyektlarga chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning may-iyun oylarida Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlariga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar ijrosining monitoringi oʻtkazildi, koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi oʻrganildi, dolzarb muammolar aniqlandi va ularni hal etish algoritmlari ishlab chiqildi. Bundan tashqari, aniqlangan masalalarni hal etishning aniq muddatlari va tegishli tuzilmalar va tashkilotlarni jalb qilgan holda ijrosiga masʼul rahbarlar belgilandi.
Boʻsh turgan bino va inshootlar ulardan foydalanishning eng istiqbolli variantlarini ishlab chiqish, jumladan, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha yuqori texnologiyalik korxonalar tashkil etish maqsadida inventarizatsiya qilindi. Barqaror ichki kooperativ aloqalarga ega klaster shaklidagi korxonalarni yaratishning ustuvorligi taʼkidlandi. Klasterlarni tashkil qilish evaziga mahsulotning ishlab chiqarish xarajatlari sezilarli darajada kamaytiriladi hamda ichki va tashqi bozorda uning raqobatbardoshligi mustahkamlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Fargʻona viloyatida amalga oshirilayotgan “Tadbirkor – islohotchi” tizimi doirasida tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash natijalari alohida koʻrib chiqildi. Ushbu tashabbus doirasida hududdagi 295 ta yirik, 1845 ta oʻrta va 34573 ta kichik korxonalarga respublika va viloyat ishchi guruhlari aʼzolari, shuningdek, shahar va tumanlarning 4 ta sektor rahbarlari tegishli ravishda biriktirildi. Hozirgi kunga kelib, 5 mingdan ortiq korxonalar faoliyati oʻrganilib, 500 ga yaqin muammoli masalalar aniqlandi va 350 dan koʻprogʻi tegishli idoralar va tijorat banklarini jalb qilgan holda joyida hal etildi.
Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari korxonalari kesimida tijorat banklari tomonidan kredit mablagʻlari ajratish hamda soliq va moliya organlari tomonidan tadbirkorlarga ilgari toʻlangan QQS summalarini qaytarish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar tanqidiy koʻrib chiqildi shuningdek, eksport faoliyatini ragʻbatlantirish boʻyicha ushbu chora-tadbirlarning samaradorligi baholandi.
Fargʻonaga vodiysining uchta viloyatlarida amalga oshirilishi belgilangan investitsiya loyihalarning maksimal iqtisodiy samarasini taʼminlash maqsadida ularning puxta inventarizatsiyasi oʻtkazilib, iqtisodiy samaradorlik koʻrsatkichlari baholandi va yangi istiqbolli loyiha takliflari ishlab chiqildi. Mutasaddi rahbarlarga rejalashtirilgan loyihalarning yaqin idoralararo hamkorlikda ijrosini tezlashtirish, tijorat banklari rahbarlariga kredit resurslarini oʻz vaqtida ajratishni taʼminlash topshirildi.
Shuningdek, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida tashkil etilgan “Loyiha fabrikalari” faoliyati koʻrib chiqildi. Ularning vazifasi - shahar va tumanlarning ijtimoiy - iqtisodiy oʻsishning yangi nuqtalarini aniqlash va resurs va sanoat salohiyatini tahlil qilish hamda loyihaviy takliflarni ishlab chiqib mahalliy va xorijiy investorlarni kelgusida ularning amalga oshirilishiga jalb qilish.
Bundan tashqari, xizmat safari davomida vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, chet eldagi vakolatxonalar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida har bir viloyatda videokonferensiyalar shaklida muhokamalar oʻtkazilib, ular davomida ish yakunlarining sarhisobi oʻtkazildi, ochiq qolgan masalalar ustida ish olib borildi hamda tadbirkorlar va eksportchilarga yordam koʻrsatish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yangi ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish, doimiy ish oʻrinlarini yaratish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha amalga oshirilishi boshlab yuborilgan loyihalarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash uchun vazirlik, idora, sanoat birlashmalari, tijorat banklari, elchixonalar va chet el davlatlaridagi bosh konsulliklar hamda mahalliy hokimliklar rahbarlarining birgalikdagi faoliyatiga ustuvor ahamiyat berildi. Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida 2020-2021-yillar davomida jami 186 367 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi bilan 32,9 trln soʻmlik 4015 ta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Safar yakunida tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni maqsadli qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi, masʼul rahbarlar va ijro etishning aniq muddatlari belgilandi. Bosh prokuratura topshiriqlarning ijrosi ustidan tizimli nazorat olib boradi.