“Avtomatlashtirilgan transport toʻlov tizimi operatori” viloyatda yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi “Alpomish merosi" korxonasi bilan shartnoma imzoladi va ushbu korxonaning shahar ichida harakatlanuvchi avtobus yoʻnalishlarida elektron toʻlovlarni qabul qilish yoʻlga qoʻyildi.

Endilikda yoʻlovchilar quyidagi avtobus yoʻnalishlarida yoʻlkira haqini bank hamda ATTO transport kartalari orqali amalga oshirishi mumkin.

1 - sonli “Shahar markaziy shifoxonasi – Gulshan”, 22 - sonli “Pistamozor – Shahid tepa”, 24 - sonli “Uzumzor AS – Toʻqqiz bogʻ”, 75 - sonli “Pistamozor – Eski shahar”, 94 - sonli “Kuyganyor – Dukchi Eshon koʻchasi”.

Eslatib oʻtamiz, ATTO tizimi mavjud boʻlgan shaharlarda transport kartalarini barcha turlari orqali toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud.

Avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi “Raqamli Oʻzbekiston-2030 strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida ishga tushirildi. Keyingi bosqichda tizim barcha yoʻnalishlardagi avtobuslarda joriy etiladi.